Pokiston qöşinlari Jammu va Kaşmir nazorat çiziğidagi Hindiston çegara postlarini öqqa tutdi, deb xabar berdi NDTV. Hindiston xavfsizlik kuçlari «ta’sirli javob qaytargan», manbalar qurbonlar yöqligini aytdi.
Otişma 24 aprel kuni keçqurun, qurolli jangarilar Pahalgam şahrida sayyohlarga hujum qilganidan bir neça kun ötib sodir bölgan. Hudud Hindiston tomonidan nazorat qilinadi, lekin uzoq vaqtdan beri Pokiston ham unga da’vo qilib keladi. Hujum oqibatida 26 kişi halok böldi, yana önlab kişilar yaralandi. Hujum uçun javobgarlikni Pokistonda joylaşgan «Laşkari-Toyba» terrorçilik taşkiloti bölimi bölgan Qarşilik fronti öz zimmasiga oldi.
Hujum ikki qöşni örtasida yangi inqirozni keltirib çiqardi. Hindiston hukumati Pokistonga qarşi qator qattiq çoralar kördi, jumladan, diplomatlarni çiqarib yuboriş va Hind daryosi suvlari taqsimoti böyiça şartnomani töxtatib qöyiş kabi. Yangi Dehli buni heç qaçon, hatto Islomobod bilan oçiq mojarolar paytida ham töxtatmagan edi. 1960 yilgi kelişuv Kaşmirdan boşlanuvçi Hind havzasidagi olti daryo suvlarining taqsimlanişini tartibga soladi.
Pokiston ham javob çoralarini kördi. Rasmiylar Hindistonning Hind daryosidan suv oqimini töxtatişga urinişini uruş harakati sifatida qabul qilişini aytdi. Mamlakatning qişloq xöjaligi va energetikasi köp jihatdan suv ta’minoti barqarorligiga boğliq.












