“Suvaraklar” hukumatga qarşi. Hindiston “rangli inqilob” yoqasidami?
|19:00 / 16.10.20268 73313 min
Hindistonda yana norozilik namoyişlari tölqini avj oldi. Uşbu namoyişlarning asosiy harakatlantiruvçi kuçi esa «Suvaraklar xalq partiyasi» (CJP) bölib turibdi. Joriy yil yozida taʼlim vazirini isteʼfoga çiqarişga erişgan «suvaraklar» endi saylov komissiyasi rahbarining isteʼfosini talab qilişmoqda.
Foto: Manish Swarup/APFoto: Manish Swarup/AP
Yangi namoyişlar, yangi talab
Ötgan hafta oxiridan beri Nyu-Dehlida davom etayotgan «Suvaraklar xalq partiyasi» (CJP) yoşlar harakatining namoyişlari hal qiluvçi pallaga kirdi. Uşbu namoyişlarni bostiriş uçun Hindiston poytaxtiga 35 ming nafar politsiyaçi safarbar etilgan.
Yangi namoyişlar Indian Express gazetasida saylov komissiyasi rahbarining ikki örinbosari saylovçilar röyxatidagi özgarişlar, röyxatdan ötkaziş tartiblari va raqamli tizimlar yuzasidan qator xavotirlar bildirgani haqida xabar çop etilganidan keyin boşlandi.
Ötgan yildan buyon amalga oşirilayotgan özgartirişlar natijasida saylovçilar röyxatidan 130 milliondan ortiq ism çiqarib taşlangan. Bu Yaponiya aholisi sonidan ham köp. Röyxatdan çiqarilganlar orasida 28 million nafar vafot etgan, 63 million nafar boşqa joyga köçib ketgan va 30 million nafar manzilini aniqlaşning imkoni bölmagan şaxslar bor.
Muxolifat partiyalari uşbu özgarişlar musulmonlar va boşqa ozçilik guruhlariga nomutanosib darajada taʼsir körsatayotganini daʼvo qilmoqda. Ularning fikriça, bu guruhlar hind millatçiligini qöllab-quvvatlovçi hukmron partiyaga ovoz beriş ehtimoli kamroq.
Saylov komissiyasi va mamlakatda hukmron bölgan «Bharatiya Janata Parti» bu ayblovlarni rad etmoqda. Saylov komissiyasi va uning rahbari Gyaneş Kumarga qarşi kutilmaganda boşlangan hujum Narendra Modining 2024-yilgi saylovlardagi ğalabasi qonuniyligini şubha ostiga qöyişga qaratilgani aytilmoqda. Şu fonda Hindiston hukmron partiyasi vakillari oktabr oyidagi namoyişlarda «xorijiy iz» mavjudligi haqida gapira boşladi.
Sönggi umumxalq saylovlari natijalariga köra, «Bharatiya Janata Parti» parlamentdagi köpçilik örnini saqlab qolgan, 2014-yildan buyon hokimiyat tepasida bölgan boş vazir Narendra Modi esa yangi muddatga qayta saylangandi.
Saylov komissiyasi rahbariga qarşi kampaniyani bir neça oy avval taʼlim vaziri Dharmendra Pradhanni isteʼfoga çiqarişga erişgan «Suvaraklar xalq partiyasi» harakati boşlab berdi.
«Suvaraklar»ning talabini ilk bor «Hindiston milliy kongressi» partiyasi va uning yetakçisi Rahul Gandi boşçilik qiladigan INDIA muxolifat alyansi oçiqçasiga qöllab-quvvatladi.
Mavzuga oid
India Today telekanalining 12-oktabrdagi xabariga köra, Hindiston parlamentidagi muxolifat oliy sud raisi Surya Kantga saylov komissiyasi rahbarini lavozimidan çetlatiş talabi bayon etilgan memorandumni topşiriş uçun Oliy sud binosiga yuriş uyuştirişni rejalaştirgan.
Foto: REUTERS/Bhawika Chhabra
Avvalroq Hindiston Içki işlar vazirligi tavsiyasiga binoan Nyu-Dehli politsiya boşqarmasi köça namoyişlarini ötkazişga çeklovlar kiritgan, jumladan, markaziy Jantar-Mantar maydonida mitinglar va yurişlar ötkazişni taqiqlagandi. Jantar-Mantar köp yillardan buyon Hindiston poytaxtida siyosiy namoyişlar, norozilik aksiyalari hamda muxolifat va faollar tomonidan taşkil etiladigan ijtimoiy kampaniyalar uçun ramziy maskan hisoblanadi. Politsiya Jantar-Mantar örniga Nyu-Dehlining uşbu maydondan 3 kilometrdan 21 kilometrgaça uzoqlikda joylaşgan uçta turli hududida aksiyalar ötkazişga ruxsat bergan. Ötgan hafta oxiridan boşlab Nyu-Dehlidagi köplab köçalar transport harakati uçun yopildi, politsiya blokpostlari örnatildi, internet çeklandi va 45 ta metro bekati yopildi.
Çeklov çoralari 10-oktabr kuni huquqni muhofaza qiluvçi organlarning ruxsatsiz namoyişlarni töxtatişga urinişlari tartibsiz köça töqnaşuvlariga olib kelganidan keyin joriy etildi. Töqnaşuvlar oqibatida ikki nafar politsiyaçi va bir neça namoyişçi jarohatlandi. Ötgan haftadagi tartibsizliklar sababli şaharning turli hududlarida 5 mingga yaqin kişi hibsga olindi.
10-oktabr kuni saylov komissiyasi rahbarini lavozimidan çetlatiş kampaniyasiga şaxsan boşçilik qiliş uçun Mumbaydan poytaxtga uçib kelgan «Suvaraklar xalq partiyasi» yetakçisi Abhijit Dipke, hamrais Aşutuş Ranka va partiya boş vakili Saurav Das hibsga olingani xabar qilindi.
Dipke hibsga olinganidan söng uning örnini egallagan Ajinkya Şinde partiya rahbarlarining qamoqqa olinişi ularni çöçitolmasligini aytdi.
«Biz bu diktatorlik hukumatiga çek qöyamiz», - dedi u.
«Suvaraklar harakati» tarixi
Qiziği şundaki, namoyişlarga boşçilik qilgan «Suvaraklar xalq partiyasi» dastlab parodiya loyihasi sifatida taşkil etilgan. Bu 2026-yil 15-may kuni Hindiston oliy sudi raisi Surya Kant sud majlislaridan birida siyosiy faollik bilan şuğullanuvçi işsiz yoşlarni «tekinxörlar» va «suvaraklar» deb ataganidan keyin yuz berdi.
Boston universiteti bitiruvçisi, 30 yoşli siyosiy texnolog Abhijit Dipke bu gapga eʼtibor qaratdi. U X ijtimoiy tarmoğidagi postida «Agar barça suvaraklar birlaşsa, nima böladi?» degan savolni örtaga taşladi.
Post yaşin tezligida tarqalib, minglab izohlar töpladi. Dipke döstlari bilan birgalikda sunʼiy intellekt yordamida ikki soat içida sudyaning haqoratomuz taʼrifiga javoban yoşlarni birlaştirişga qaratilgan hazilomuz harakat - «Suvaraklar xalq partiyasi» (Cockroach Janta Party, CJP) saytini yaratdi.
«Partiya» nomi hukmron «Bxaratiya Janata Parti» (Bharatiya Janata Party, BJP) nomiga işora bölsa, uşbu «dunyoviy, sotsialistik, demokratik va dangasa» yoşlar siyosiy fronti şioridagi dastlabki uçta söz Hindiston konstitutsiyasining muqaddimasiga işora edi. Harakatga «aʼzo böliş» şartlari sifatida işsizlik, befarqlik, internetda doimiy faol böliş va «professional darajada noliş» qobiliyati belgilangandi.
Foto: Anushree Fadnavis / Reuters
Hazil tariqasida boşlangan harakat juda tez surʼatlarda tarafdorlar töplay boşladi. 21-may kuni CJP’ning Instagram’dagi obunaçilari soni 10 milliondan oşdi, hukmron BJP’ning obunaçilari soni esa 8,7 million nafarni taşkil etardi. Ikki oy içida harakatning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari bir neça bor bloklandi: 21-may kuni X tarmoğidagi akkaunti, 23-may kuni veb-sayti, 22-iyul kuni esa keng kölamli namoyişlar fonida Instagram sahifasi öçirib taşlandi. Biroq sahifa köp ötmay qayta tiklandi.
Şundan söng sudya Kant öz pozitsiyasini aniqlaştirişga urinib, faqat soxta diplom sotib oliş orqali yuridik sohaga kirib kelgan şaxslarni nazarda tutganini aytdi. Ammo endi norozilik tölqinini töxtatib bölmasdi. 6-iyun kuni Nyu-Dehlida imtihon savollari sizib çiqişi bilan boğliq mojaro avj olgan bir paytda AQŞdan qaytgan Dipke rahbarligida CJP’ning birinçi mitingi bölib ötdi. 11-iyun kuni u The Week naşriga bergan intervyusida harakatga bir millionga yaqin kişi aʼzo bölgani, 45 mingga yaqin kişi esa köngilli böliş istagini bildirganini maʼlum qildi.
«Yuz minglab yoşlar uzoq yillar davomida ilk bor umidni his qildilar... Yoş avlod orasida çuqur norozilik kayfiyati keng tarqalgan edi va ular CJP’ni özgarişlar uçun imkoniyat sifatida qabul qilişdi», dedi Dipke.
Ilk ğalaba
Norozilik namoyişlariga tibbiyot oliygohlariga kiriş uçun ötkaziladigan milliy imtihon - NEET-UG savollarining sizib çiqişi sabab böldi. 2026-yil 3-may kuni 2,2 milliondan ortiq abituriyent tibbiyot kollejlaridagi 118 mingtaga yaqin örin uçun imtihon topşirdi. Imtihon maxsus xavfsizlik çoralariga rioya qilingan holda ötkazildi. Imtihon materiallari GPS kuzatuvi orqali taşildi, biometrik tekşiruv, sunʼiy intellekt yordamida videokuzatuv va imtihon markazlarida 5G aloqasini tösuvçi qurilmalardan foydalanildi.
Biroq oradan töqqiz kun ötib, 12-may kuni Milliy test agentligi imtihon natijalarini bekor qildi. Tergov jarayonida imtihondan ikki kun oldin WhatsApp va Telegram tarmoqlarida testlarning qölyozma şaklidagi «sinov varianti» tarqalgani aniqlandi. Undagi savollarning aksariyati - 180 ta savoldan taxminan 140 tasi haqiqiy imtihon savollariga mos kelgandi. Imtihonni qayta topşiriş 21-iyunga belgilandi.
Hindistonda tibbiyot oliygohida öqiş köplab abituriyentlar uçun ijtimoiy mavqeni özgartirişning yagona imkoniyati hisoblanadi. India Today naşrining qayd etişiça, imtihonga tayyorgarlik körişga tört-beş yil vaqt ketadi, abituriyentlarning oilalari esa tayyorlov kurslariga katta mablağ sarflaydi va köpinça boşqa şaharlarga köçib ötişga majbur böladi. Imtihon natijalari bekor qilinganidan keyin yana qaytadan tayyorgarlik köriş va imtihon topşiriş kerakligini eşitib kuçli ruhiy bosimga bardoş bera olmagan 12 nafar abituriyent öz joniga qasd qilgani maʼlum böldi.
NEET-UG bilan boğliq voqea bunday holatlarning birinçisi emasdi. 2024-yilda ham şunga öxşaş mojaro yuz bergan, biroq öşanda imtihon natijalari bekor qilinmagandi. Indian Express naşri hisob-kitoblariga köra, 2002-yildan 2025-yilgaça Hindistonda imtihon materiallari sizib çiqişi bilan boğliq 45 taga yaqin holat qayd etilgan, biroq ular bilan boğliq işlar böyiça faqat ikkita holatda ayblov hukmi çiqarilgan.
Foto: REUTERS/Adnan Abidi
Ommaviy noroziliklar namoyişlarga aylandi. Namoyişlar taşkilotçisi esa «Suvaraklar xalq partiyasi» böldi. 28-iyun kuni maşhur ekofaol va muxolifat vakili Sonam Vangçuk ham aksiyaga qöşildi. U namoyişçilarga hamjihatlik belgisi sifatida oçlik eʼlon qildi.
CJP hukumatga uçta asosiy talabni ilgari surdi: taʼlim vazirining zudlik bilan isteʼfoga çiqişi, halok bölgan abituriyentlarning oilalariga tovon puli tölanişi va namoyiş iştirokçilarini jinoiy taʼqib qilişdan voz keçiş, jumladan, avval qözğatilgan işlarni tugatiş.
25-iyul kuni politsiya namoyişçilarni tarqatiş uçun közdan yoş oqizuvçi gaz qöllayotgan paytda taʼlim vaziri Dharmendra Pradhan isteʼfoga çiqqani haqidagi xabar Jantar-Mantar maydonidagi namoyişçilar lageriga yetib bordi.
CJP bu voqeaga qisqa post bilan munosabat bildirdi:
«Suvaraklar ğalaba qozondi. Demokratiya ğalaba qozondi».
«Suvaraklar”ning kelajagi qanday?
Oxford Economics yetakçi iqtisodçisi Aleksandra German Prasaning taʼkidlaşiça, namoyişlarga imtihon bilan boğliq vaziyat turtki bergan bölsa-da, ular Hindistondagi maʼlumotli yoşlarni iş bilan taʼminlaş borasida ança çuqur muammo mavjudligini oçib berdi.
Azim Premji universitetining hisobotida qayd etilişiça, mehnat bozoriga har yili 5 million nafar atrofida yangi oliy maʼlumotli bitiruvçi kirib keladi. Biroq iqtisodiyot ular uçun 2,8 millionga yaqin iş örni taklif qiladi. Natijada 20–29 yoşli işsizlar orasida diplomli mutaxassislarning uluşi 2004-yildagi 32 foizdan 2023-yilda 67 foizga yetgan. Iş kuçi tarkibiga kiruvçi barça bitiruvçilarning taxminan 40 foizi rasman işsiz sifatida qayd etilgan. Bu körsatkiç 1983-yildan beri deyarli özgarmayapti va 35–40 foiz oraliğida barqaror saqlanib kelmoqda. Işsiz sifatida röyxatdan ötganlarning 7 foizga yaqinigina bir yil içida doimiy haq tölanadigan iş topa oladi.
Hindistonning Business Standard gazetasi mamlakatdagi norozilik namoyişlari bilan qöşni davlatlardagi tartibsizliklar örtasida öxşaşliklar borligini taʼkidlaydi.
Foto: REUTERS/Sonu Kishan
2024-yil iyunida Bangladeşda keng kölamli noroziliklar boşlandi. Bunga 1971-yildagi mustaqillik uruşi faxriylarining qarindoşlari uçun davlat lavozimlaridagi 30 foizlik kvotaning qayta tiklanişi sabab böldi. Asosan Z avlodi vakillari iştirok etgan aksiyalar oxir-oqibat hokimiyat almaşinuviga olib keldi.
2025-yil sentabrda Nepalda ijtimoiy tarmoqlarning bloklanişi bois Z avlodi yoşlari köçalarga çiqdi. Biroq namoyişlar kun tartibi kengayib, korrupsiya, qarindoş-uruğçilik va yoşlar örtasidagi yuqori darajadagi işsizlik kabi muammolarni ham qamrab oldi. Namoyişlar hukumat almaşinuviga va saylovlar ötkazilişiga olib keldi. Saylovlar natijasida hokimiyatga yangi siyosiy kuçlar keldi.
«Suvaraklar» Hindistonning yana bir yuqori lavozimli amaldorini isteʼfoga çiqarişga erişa oladimi-yöqmi, buni vaqt körsatadi. Hozirça ekspertlar CJP doimo nimadandir norozi bölgan yoşlar taşkilotidan köra kattaroq siyosiy kuçga aylana oladimi, degan masalada bahslaşmoqda.
Köçalardagi namoyişlarning ommaviyligi harakatning ehtimoliy saylovlarda ham şunga mos darajada qöllab-quvvatlanişini anglatmaydi. Uning taʼsirini baholaş uçun uçta körsatkiçni bir-biridan farqlaş muhim: namoyişlarda iştirok etişga tayyor odamlar soni, harakat talablarini qöllab-quvvatlovçi fuqarolar soni va «suvaraklar»ni qöllab-quvvatlaşi mumkin bölgan ehtimoliy saylovçilar soni.
Sörovnomalarga köra, agar CJP siyosiy partiyaga aylansa, u saylovçilar ovozlarining 33–35 foizini olişi mumkin. Dipke va uning safdoşlariga ovoz berişni istamaydiganlar esa taxminan 40–43 foizni taşkil etadi. Sörovda qatnaşganlarning 40 foizi uni faqat jamoatçilik harakati sifatida qolişi kerak, deb hisoblaydi.
Foto: REUTERS/Priyanshu Singh
«Suvaraklar»ning asosiy tayanç qatlami - Z avlodiga mansub yoşlar (1997–2012-yillarda tuğilganlar), talabalar, oliy taʼlim muassasalari bitiruvçilari, iş topolmayotgan yoş mutaxassislar, ularning ota-onalari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali osongina uyuşiş imkoniga ega şahar aholisidir.
Ekspertlarning fikriça, CJP faoliyatining keng quloç yoyişi Modi hukumatining xavotirga tuşişi uçun asos bölolmaydi, ammo jiddiy öylab köriş uçun yetarli sabab hisoblanadi. Yoş avlodning noroziligini eʼtiborsiz qoldiriş va namoyişlar taʼsirini pasaytirişga uriniş endi samara bermasligi mumkin.