Prezident Shavkat Mirziyoyev ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqini qutlug‘ ayyom – Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk G‘alabaning 80 yilligi bilan muborakbod etdi.

«Mana shu hayajonli, ayni paytda iztirobli damlarda insoniyatni fashizm balosidan xalos etishga munosib hissa qo‘shgan qahramon ajdodlarimizni yod etib, ularning yorqin xotirasi oldida ta’zim qilamiz.

Bugungi kunda Yangi O‘zbekistonni barpo etishda oltinga teng duolari, maslahatlari bilan faol ishtirok etib kelayotgan muhtaram urush va mehnat faxriylariga alohida qutlov va tashakkurlarimizni izhor etamiz.

Hech shubhasiz, tinch va farovon hayot posbonlari ulug‘lanadigan ushbu munavvar ayyomda mustaqillik yillarida Vatanimiz ozodligi, xalqimiz osoyishtaligini himoya qilish yo‘lida qahramonlarcha halok bo‘lgan jasur harbiylarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirish barchamiz uchun ham qarz, ham farzdir», deyiladi tabrik so‘zida.

Qayd qilinishicha, fashizmga qarshi qonli janglarda o‘sha paytda 6 million 800 ming nafarni tashkil etgan aholining qariyb 2 million nafari ishtirok etgan. Shundan 540 mingga yaqini halok bo‘lgan, 158 ming nafari bedarak yo‘qolgan, 50 mingdan ortig‘i konslagerlarda mislsiz qiynoq va azoblar tufayli halok bo‘lgan, 60 mingdan ziyodi nogiron bo‘lib qaytgan.

O‘zbekistonlik askar va ofitserlardan 214 mingga yaqini jangovar orden va medallar bilan mukofotlangani, 301 nafari Sovet Ittifoqi Qahramoni degan yuksak unvonga, 70 nafardan ziyodi uchala darajadagi “Slava” ordeniga sazovor bo‘lgan.

Mamlakat urush yillarida frontning mustahkam ta’minot bazasiga aylangani, respublikamizdan jang maydonlariga juda katta miqdorda harbiy texnika, qurol-yarog‘, dori-darmon, kiyim-kechak, oziq-ovqat va boshqa zarur mahsulotlar yetkazib berilgani o‘sha suronli davrning yana bir unutilmas sahifasini tashkil etadi.

Urush olovi ichida qolgan hududlardan O‘zbekistonga 170 dan ortiq zavod va fabrika ko‘chirib keltirildi, qisqa muddatda 280 ta yangi korxona bunyod etildi.

Xalq g‘oyat og‘ir va murakkab sharoitda urush hududlaridan o‘lkamizga olib kelingan 1 million 500 mingga yaqin insonni, jumladan, ota-onasidan judo bo‘lgan 250 ming nafar yetim bolani bag‘riga olib, ularga mehr-muruvvat ko‘rsatdi.

«Tarix kitobiga muhrlangan bunday misollarni bugun yana bir bor esga olar ekanmiz, har qanday vaziyatda ham insoniy e’tiqodiga sodiq qolgan olijanob va bag‘rikeng xalqimizning buyuk gumanistik fazilatlariga tahsin va tasannolar aytamiz», deyiladi tabrik so‘zida.