Istanbulda 16 may kuni tushdan keyin Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasida 2022 yil bahoridan beri birinchi muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Ularni bir tomonlama o‘tkazishni Rossiya prezidenti Vladimir Putin taklif qilgandi, uning o‘zi Turkiyaga kelmadi va yordamchisi Vladimir Medinskiyni yubordi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Istanbulda Putin bilan shaxsan uchrashishni talab qilgandi.

Istanbulda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralar yakunlandi, ular taxminan ikki soat davom etdi, deb xabar bermoqda Reuters Turkiya va Ukraina diplomatik manbalariga tayanib. AFP agentligi esa Ukraina rasmiysiga tayanib kun davomida Rossiya-Ukraina o‘rtasida qo‘shimcha muzokaralar o‘tkazilishi «mumkinligi», ammo hozircha bu «rejalashtirilmagani»ni xabar qilgan.

Reuters agentligining Ukrainadagi diplomatik manbasiga ko‘ra, Rossiya delegatsiyasi Istanbuldagi muzokaralarda nomaqbul talablarni ilgari surgan. Xususan, o‘t ochishni to‘xtatish uchun Kiyev o‘z hududlaridan (qisman Rossiya tomonidan bosib olingan Donetsk, Luhansk, Zaporijjya va Xerson oblastlari) qo‘shinlarni olib chiqishi talab etilgan.

Hozircha e’lon qilingan yagona kelishuv – «1000 ga 1000» formulasi bo‘yicha harbiy asirlarni almashtirish. Bu haqda jurnalistlarga dastlab Ukraina delegatsiyasi rahbari Rustem Umerov ma’lum qildi, keyinroq Medinskiy ham buni tasdiqladi.

Medinskiy, shuningdek, muzokaralardan so‘ng tomonlar ehtimoliy otashkesim bo‘yicha o‘z qarashlarini taqdim etishga kelishib olgani, shundan so‘ng muzokaralar qayta tiklanishini aytdi.

Bundan tashqari, Medinskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina tomoni davlat rahbarlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishni so‘ragan va Rossiya vakillari «bu so‘rovni ma’lumot uchun qabul qilgan».

Ukraina ommaviy axborot vositalari, jumladan, «RBK-Ukraina»ning yozishicha, juma kuni Ukraina delegatsiyasi rahbari Umerov matbuot anjumani o‘tkazadi.

Rossiya bilan muzokaralar boshlanishidan oldin Ukraina delegatsiyasi rahbari, mudofaa vaziri Rustem Umerov Kiyev to‘liq va so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatishga va eng yuqori darajada to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarga tayyorligini aytgandi: «Bugun biz barqaror va adolatli tinchlikka erishishning haqiqiy yo‘llarini topish uchun Istanbulga keldik».

Rossiya delegatsiyasi rahbari Vladimir Medinskiy (u 2022 yil bahorida ham delegatsiyaga rahbarlik qilgan) bir kun ilgari Moskva Istanbuldagi uchrashuvni 2022 yilgi muzokaralarning «davomi» sifatida ko‘rayotganini aytgandi. «Ukraina tomoni bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarning vazifasi ertami-kechmi mojaroning asosiy sabablarini bartaraf etish orqali uzoq muddatli tinchlik o‘rnatishga erishishdir», – degandi Medinskiy.