Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni tanqid qilib, Kiyevni Germaniya manfaatlariga koʻproq eʼtibor qaratishga chaqirdi. Bu haqda u 8-sentabr kuni eʼlon qilingan Bild nashriga intervyusida gapirdi.

Vadeful Germaniya hozirda Ukrainaga moliyaviy va harbiy yordam koʻrsatish boʻyicha eng yirik tarafdorlardan biri ekanini taʼkidladi.

Uning fikricha, Berlin tomonidan Kiyevga koʻrsatilayotgan katta koʻlamdagi yordam Germaniyaning oʻzi uchun ham iqtisodiy samara keltirishi kerak. Xususan, nemis mudofaa sanoati Ukraina uchun amalga oshirilayotgan harbiy xaridlarda ishtirok etishi lozim.

«Hozir biz Ukrainaga moliyaviy va harbiy koʻmak koʻrsatish boʻyicha eng kuchli tarafdormiz. Tabiiyki, Germaniya mudofaa sanoati ham bundan manfaat koʻrishi kerak», - degan Vadeful.

Germaniya tashqi ishlar vazirining aytishicha, u mazkur masalani yaqinda Kiyevga qilgan tashrifi chogʻida Zelenskiy bilan suhbatda ham koʻtargan.

Vadeful Ukraina rahbariga Berlin Kiyev tomonida ekani va uni qoʻllab-quvvatlashda davom etishini bildirgan. Biroq Germaniya hukumati bu siyosatni mamlakat soliq toʻlovchilari oldida ham asoslab berishi kerakligini taʼkidlagan.

Shu munosabat bilan u Ukraina uchun amalga oshiriladigan qurol-yarogʻ xaridlarida kamida Germaniya mudofaa sanoati kompaniyalarining ishtirokini taʼminlash zarurligini aytgan.

Germaniya Ukrainaga qoʻshimcha 60 mln yevro ajratadi

Yoxann Vadeful 22-avgust kuni Kiyevga tashrif buyurgan edi. U Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibixa bilan oʻtkazgan qoʻshma matbuot anjumanida Germaniya Ukrainaga yana 60 mln yevro miqdorida qoʻshimcha yordam ajratishini maʼlum qilgan.

Bundan tashqari, Berlin NATO jamgʻarmasiga yana 10 mln yevro oʻtkazadi. Ushbu jamgʻarma mablagʻlari, jumladan, Ukrainaga energiya resurslari, tibbiy uskunalar va dronlardan himoyalanish tizimlarini yetkazib berish uchun sarflanadi.

Vadeful, shuningdek, Ukrainaga qoʻshimcha havo hujumidan mudofaa tizimlarini yetkazib berish boʻyicha turli mamlakatlardagi hamkorlar bilan muzokaralar davom ettirilishini bildirgan.

Shunday qilib, Germaniya Ukrainaga harbiy va moliyaviy koʻmakni davom ettirish bilan birga, ushbu yordam doirasida amalga oshiriladigan xaridlarda oʻz mudofaa sanoatining ham ishtirok etishini istamoqda.