Germaniya Qurolli kuchlari (Bundesver) Bundesver bosh inspektori, general Karsten Broyyer tomonidan imzolangan hujjatga ko‘ra, joriy o‘n yillikning oxiriga kelib havo mudofaasi sohasida jangovar tayyorgarligini oshirishi kerak. Bu haqda 25 may, yakshanba kuni direktiva bilan tanishgan Reuters agentligi xabar berdi.

Broyyer havo tahdidlariga qarshi mudofaani kuchaytirishni «birinchi ustuvor vazifa» deb ataydi. Asosiy vazifalar qatoriga raketaga qarshi mudofaa kompleksi, shuningdek, qisqa va o‘rta masofaga mo‘ljallangan havo mudofaasi kiradi. Hujjatda dron hujumlaridan himoyalanishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlangan.

Politico xabariga ko‘ra, Bundesver rahbari, shuningdek, dushman chizig‘i orqasida «aniq zarbalar berish imkoniyati yaratilganini» ham e’lon qildi. Gap 500 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tadigan qurol haqida ketmoqda — bu Germaniyada foydalaniladigan TAURUS qanotli raketalaridan ko‘proq.

Bundesver, shuningdek, ko‘proq o‘q-dorilar va hujumkor dronlarni sotib olishni rejalashtirmoqda.