Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida joylashgan Temiryo‘llar texnika muzeyidagi poyezd vagonlaridan birida “Sosiskaxona bekati” nomli ovqatlanish shoxobchasi ochilgani haqida xabarlar tarqaldi. Ayrim faollar shoxobcha nomiga, ayrimlari esa muzey eksponatida bunday joy tashkil qilinganiga e’tirozlarini bildirib, post joylashdi.
Xususan, jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev muzey eksponatlarini “sosiskaxona”ga aylantirishni keskin qoralagan. U muzeylar daromad keltirishi uchun attraksionli bog‘ yoki yoki sosiskaxona-yu restoranlarga aylantirilishi shartmasligini yozgan.
“Boshlanishiga har bir eksponat haqida ko‘proq, qiziqroq axborot stendlarini qo‘yib chiqish mumkin, balki interfaolroq nimadir qilsa ham bo‘lar. Vokzallar, stansiyalar, umuman temiryo‘l faoliyatini yuqoridan ko‘rib, tushunishga yordam beradigan miniatyura shaharcha qurish mumkindir.
O‘zbekiston temiryo‘llarining eski vagonlarini — u tramvayniki bo‘ladimi, metroniki bo‘ladimi yoki poyezdniki, farqi yo‘q — “so‘yib tashlamay”, shu muzeyga yig‘aversa ham muzey yanada qiziqarli bo‘lardi. Masalan, juda ko‘pchilik metroning haydovchi o‘rniga o‘tirib ko‘rgisi kelsa kerak — buni muzeydan boshqa yana qaysi joyda qilish mumkin axir?” – degan A’zamxo‘jayev.
Ayni keys jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgach, “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ poyezd vagonida tashkil etilgan ovqatlanish shoxobchasidan “Sosiskaxona bekati” nomi olib tashlanganini, muzey hududida rekonstruksiya va obodonlashtirish ishlari davom etayotganini bildirdi.
Qayd etilishicha, shu kunga qadar muzeyda 7 ta bolalar attraksionlari ochilib, 60 metrli noyob musiqali favvora barpo etilgan, 4 ta yirik muzey eksponatlari tashqi va ichki tomondan restavratsiya qilinib, kafe va restoranlar faoliyati uchun moslashtirilgan.
Muzey parkka aylantirilyaptimi?
Kun.uz muzeyning attraksionli bog‘ga aylantirilayotganiga oid savollarga javob olish uchun “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ matbuot xizmati bilan bog‘landi.









