Bugun 31 may. Tun yarmidan oqqanda Myunhenda insoniyat tarixidagi eng zo‘r sport musobaqasi – Yevropa Chempionlar Ligasi finali boshlanadi. Biz tengi yigitlar uchun bu musobaqa o‘zgacha qadrli. Axir endi-endi futbolga qiziqa boshlagan vaqtimizda turnir yangicha formatga o‘tib dunyodagi eng zo‘r musobaqaga aylanayotgandi-da.

YeChLning afsonaviy musiqasi yangraganda Teddi Sheringhemning yosh bolalarcha golni nishonlab yugurgani, hal qiluvchi penaltini qaytargan Oliver Kanning vajohat bilan baqirgani-yu, Zidanning takrorlab bo‘lmaydigan golini kechagiday eslaymiz.

U vaqtlar «svet» ko‘p o‘chardi, internet zamoni ham boshlanmagan, finallarni doim kimningdir uyida yoki ko‘chada akkumulatormi, «dvijok»mi yoqib, to‘planib ko‘rardik. Shu bois bu ajoyib musobaqa finallarining har bir lahzasini entikib eslaymiz.

Shuncha yil o‘tdi hamki Chempionlar Ligasi finali bo‘ladigan kun yana biz futbol muxlislarining yuragi tez urishni boshlaydi, kimga muxlislik qilishimizdan qat’i nazar. Chunki bugun qaysidir jamoa futbol taxtiga o‘tiradi, kamida bir yilga…

Bugungi finalni tomosha qilish uchun yana bir sabab borki, men mana shu haqda hikoya qilib bermoqchiman.

G‘alabaga eng munosib ota

Bugungi finalda PSJ va «Inter» to‘qnash keladi. Ha, bu mavsumda «Barselona», «Arsenal» yoki «Real» zo‘r o‘yin ko‘rsatgan, finalga loyiqdek ko‘ringandir, lekin ishoning, aynan Yevropaning bugungi kundagi eng munosib ikki jamoasi finalga yetib keldi. «Inter» hatto final yo‘lida «Barsa»ni yengish uchun A seriyaga jiddiy e’tibor qilolmay, skudettoni «Napoli»ga boy berdi. PSJ esa yo‘lidan chiqqan barcha ingliz jamoalarini «yamlamay yutdi», hatto yutib bo‘lmaydigandek ko‘ringan «Liverpul»ni ham.

Parijliklar finalga Messi, Neymar, Mbappe kabi megayulduzlarning javobini berganidan keyin yetib kelgani qanchalik ramziy, a? Xuddi futolning o‘zi unda nomlarning ahamiyati yo‘qligini ko‘rsatib qo‘ygandek. Endi Parijda boshqa yulduz bor – Luis Enrike. Lucho Yevropaning eng zo‘r murabbiylaridan biri ekanini «Barselona»da vaqtidayoq isbotlab bo‘lgan. Lekin o‘shandan keyin murabbiy jiddiy sinovga duch kelgandiki, uni yengib o‘tish hammaning ham qo‘lidan kelmaydi.

Bugungi final ispaniyalik murabbiy uchun ayniqsa ahamiyatli. 2015 yil Luis Enrike «Barselona» bilan Chempionlar Ligasini yutadi. Berlindagi finaldan keyin dunyoda Enrikedan baxtli odam yo‘q edi. U 6 yoshli qizalog‘i Xana bilan g‘alabani nishonlab suratga tushadi. Qizaloq «Barselona» bayrog‘ini ushlab tushgan suratni hamma ko‘rgan bo‘lsa kerak.