14-oktabr tongida ukrainalik harbiylar Starshield faoliyatidagi cheklovlar toʻgʻrisida xabar bera boshlashdi – bu Starlink’ning yuqori tezlikda uchuvchi dronlar bilan aloqani taʼminlash uchun zarur boʻlgan harbiy versiyasidir. Ukraina prezidenti maslahatchisi Sergey Beskrestnov Volodimir Zelenskiy hamda Donald Tramp oʻrtasidagi nizoni nazarda tutgan holda «bu tasodif boʻlishi mumkin emasligi va hozirgi siyosiy vaziyat bilan bogʻliqligi»ni aytdi. 15-oktabr tongida Ukraina mudofaa vazirligi tizim yana ishlay boshlaganini maʼlum qildi. Shu bilan birga, AQShda hech kim Starlink oʻchib qolgani uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishni istamayapti. Quyida bu mavzu atrofida qanday gaplar boʻlgani haqida qisqacha.

Volodimir Zelenskiy, Ukraina prezidenti. Bu ularning qarori. Bu katta xato. Texnik sabab boʻlishi ham mumkin. Agar hujumlar davom etsa va Starlink ishlamasa, odamlar halok boʻladi. Ulardan hammasini qaytadan yoqishni soʻraymiz. Bu adolatdan boʻladi.

Ilon Mask, SpaceX rahbari. Starshield AQSH hukumati tomonidan nazorat qilinadi. Tezlik yoki foydalanish boʻyicha har qanday cheklovni harbiylar va AQSH prezidenti belgilaydi.

Oq uyning anonim vakili. AQSH prezidenti maʼmuriyati Starlink faoliyatida yuzaga kelgan uzilishlarga aloqador emas.

Oq uy, rasman. Starlink haqidagi savollarga biz javob bermaymiz. Prezident hamon urushni yakunlashda konstruktiv rol oʻynash qarorida qatʼiy.

Tom Tillis, amerikalik senator. Men mudofaa vaziri Pit Hegset shaffoflik koʻrsatishini umid qilmayman, shuning uchun biz Kongress tomonidan tergovni boshlaymiz. Eng yaxshi holatda bu qabul qilib boʻlmaydigan xato, eng yomon holatda esa – Rossiya hujumi uchun maydon ochishga qaratilgan ongli qaror edi.