Yakkasaroy tumanining hovlilardan iborat To‘qimachi mahallasida yashovchilar mahalla hududidagi 6 sotixli maydonda kotlovan qazish boshlangach, bu yerda 5 qavatli ofis va mehmonxona qurilishidan xabar topdi. Aholi vakillari otel kelajakda nobop maskanga aylanishi, mahallaning tinchini o‘g‘irlashidan xavotirda. Ularning da’vosini ko‘rib chiqayotgan sudya qurilish joyiga kelib, holatni o‘rgandi. O‘rganish jarayonida Kun.uz muxbiri ham qatnashdi.
Toshkentning Yakkasaroy tumani “To‘qimachi” MFY Jambul ko‘chasida 5 qavatli mehmonxona qurilishi mumkin. Hozircha kotlovan holatida turgan obekt mahalliy aholi noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
“Toshneftgazishchita’minot” MChJ Jambul ko‘chasi 2-uy manzilida ofis va mehmonxona qurish uchun 2024 yil 15 iyulda Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasidan ijobiy xulosa olgan. Shu yerda yashovchi aholi vakillari esa bu loyihadan 2025 yil may oyiga kelib, ya’ni qurilish ishlari boshlangach xabar topganini aytmoqda.
Bir guruh fuqarolar qurilish boshqarmasining xulosasini haqiqiy emas deb topish bo‘yicha Toshkent tumanlararo ma’muriy sudiga da’vo arizasi kiritgan. 2025 yil 20 may kuni sudya Olim Shamsiyev arizachilarning iltimosnomasini qanoatlantirib, obektning qurilish-montaj ishlarini vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha ajrim chiqardi.
Kun.uz muxbiri voqea joyida bo‘lib, aholi vakillarini tingladi. Ularning aytishicha, 6 sotixlik yer maydoni qo‘ldan qo‘lga o‘tib kelgan, mehmonxona qurilishidan qo‘ni-qo‘shnilarning xabari bo‘lmagan.
“Aka-ukalar turardi. Ota-onasi o‘tgandan keyin sotib ketishdi. Undan keyin joy yana ikki marta sotildi. Keyin bu keldi. Unga aytdim, ota-onang bormi seni dedim. Bor dedi. Ota-onang bo‘lsa dedim, ikki qavatli qurasan dedim. Besh qavatli qurmaysan dedim. Bu bizga to‘g‘ri kelmaydi. Peshonamda turadi. Fohishaxona bo‘ladimi dedim. Yo‘q, xola, qurib beraman, olib kelaman dedi. Shu bo‘yicha yo‘q bo‘lib ketgandi”, – deydi fuqarolardan biri.
Jambul ko‘chasida yashovchilardan yana biri oxirgi paytlar atrofda mehmonxonalar ko‘payib ketgani, shu sabab mahalladan osudalik ariganini aytdi. Bir holatda, otellardan birining mijozlari mashinada ichki ishlar xodimlaridan qochib, mahalla ichidan yurib, yo‘l chetida turgan mashinalarni qirib o‘tib ketgan.
“Mana shularning dastidan mashina ko‘p. Yurib bo‘lmaydi. Ko‘chaga chiqa olmaymiz. Bolalar ko‘chaga chiqib, shu mashina turtib yubormasin deb eshikni qulflab o‘tiramiz. Yana otishmalar bo‘lib ketdi, hamma yoq militsiyaga to‘lib ketdi. Juda xavotirga tushib yashayapmiz. Mahallani ichi tinch bo‘ladi deymiz-u, tinchligimiz yo‘qoldi-da. Ko‘chani narigi yuzi mehmonxona. Hamma yoqni mehmonxona bosib ketdi. Endi bunisi juda ortiqcha bo‘ldi. Svetimizga, suvimizga ta’siri bo‘lyapti








