Bugungi kunda O‘zbekiston kritik minerallar sohasida jahon e’tiborini tortayotgan yangi global markaz sifatida shakllanib bormoqda. Shu bois forum doirasida ushbu strategik yo‘nalish ham asosiy mavzulardan biri sifatida ilgari surilib, xalqaro investorlar va ekspertlar diqqat markazida bo‘ldi.

2024 yilda prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) ushbu sohadagi ulkan salohiyatni ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda. TMK butun qiymat zanjiri bo‘ylab – xomashyoni qazib olishdan tortib, metallarni ishlab chiqarish va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar tayyorlashgacha bo‘lgan bosqichlarni to‘liq amalga oshiradi.

Bugungi kunda kombinat tarkibida 25 dan ortiq turdagi muhim minerallarni qamrab olgan 70 dan ziyod investitsion loyiha ustida ish olib borilmoqda. Ushbu loyihalarning umumiy qiymati 1,6 milliard AQSh dollarini tashkil etadi.

TMK xorijiy investorlar uchun ochiqlik, uzoq muddatli ishonch va barqaror hamkorlik tamoyillariga asoslangan hamkorlik modelini taklif qilmoqda. Hozirgi vaqtda kombinat AQSh, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Daniya kabi davlatlarning yetakchi moliyaviy va texnologik institutlari bilan bevosita hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

TMK – Forum markazida

Forumning muhim ishtirokchilardan biri — O‘zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) bo‘lib, u forum mehmonlari, xorijiy investorlarga mamlakatning kritik minerallar zaxirasi va sanoat salohiyati, to‘liq qiymat zanjiriga asoslangan yondashuvini namoyish qildi.

Shuningdek, forum doirasida “O‘zbekiston muhim xomashyo uchun strategik markaz sifatida: qiymat zanjiri bo‘ylab investitsiya imkoniyatlari” mavzusidagi panel sessiyasi ham bo‘lib o‘tib, unda Montfort Eurasia direktori Jon Mann muhokama qilinayotgan mavzuning global ahamiyatini ta’kidladi: “Kritik minerallar hozirda butun dunyoda dolzarb mavzu hisoblanadi. Ilg‘or texnologiyalarda asosiy rol o‘ynagani uchun ularga bo‘lgan global talab tez sur’atlar bilan o‘sib bormoqda. Markaziy Osiyo va xususan, O‘zbekiston ushbu mineral resurslarni diversifikatsiya qilishda rol o‘ynashi mumkin”, - dedi u.

Forum davomida bir qator yuqori martabali mehmonlar, jumladan, Bolgariya prezidenti Rumen Radev hamda Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso TMK stendiga tashrif buyurib, O‘zbekiston texnologik metallar kombinati tomonidan amalga oshirilayotgan kritik minerallar bo‘yicha investitsion loyihalar bilan yaqindan tanishdilar.