Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, ushbu forum mamlakatimizning investitsiyaviy salohiyatini keng namoyon etish, xorijiy sheriklar bilan o‘zaro manfaatli loyihalarni shakllantirish va ilgari surish uchun muhim xalqaro maydonga aylangan. 2022 yilda ilk bor o‘tkazilgan forumda 56 mamlakatdan 1 mingdan ziyod xorijiy mehmon ishtirok etgan edi.
Bu yil 16-18 iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida 99 ta mamlakatdan jami 8 mingdan ziyod ishtirokchi, jumladan, qariyb 3,1 ming nafar xorijiy mehmon qatnashishi kutilmoqda.
Tadbirga taklif etilganlar orasida xorijiy davlatlar hukumatlari rahbarlari va vakillari, nufuzli xalqaro moliya institutlari, yirik kompaniyalar, investitsiya jamg‘armalari va ishbilarmon doiralar rahbarlari bor.

Taqdimotda forum va uning doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar dasturi haqida ma’lumot berildi. Xususan, yalpi majlis, ikki tomonlama uchrashuvlar, tarmoq va hududlar taqdimotlari, investitsiya kelishuvlarini imzolash marosimlari hamda ishbilarmonlar muloqotlari o‘tkaziladi.
O‘zbekistonning investitsiya salohiyatini namoyish etish ko‘rgazmasida qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, geologiya, elektrotexnika sanoati, mashinasozlik, kimyo sanoati, energetika, sun’iy intellekt va axborot texnologiyalari tarmoqlarining imkoniyatlari taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Forum doirasida prezidentimiz huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yalpi majlisi ham bo‘lib o‘tadi. Unda investitsiya muhitini yanada yaxshilash, sanoat-texnologik va innovatsion rivojlanishni jadallashtirish, xususiy sektor va xalqaro investorlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilinadi.

Joriy yilgi forumda ham investitsiya kelishuvlarining yirik to‘plamini imzolash rejalashtirilgan. Hozir yangi loyihalarni shakllantirish ishlari ketmoqda.
Ishlab chiqilayotgan kelishuvlar kimyo sanoati, geologiya va metallurgiya, yengil sanoat, elektrotexnika va mashinasozlik, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari, energetika va ekologiya, raqamli texnologiyalar, qurilish va infratuzilma, bank-moliya, transport-logistika, turizm hamda ta’lim kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab oladi.
















