AQShda klublar o‘rtasidagi jahon chempionati bahslari boshlandi. Dunyoning turli chekkalaridan bo‘lgan 32 jamoa Amerikaga eng kuchli tarkiblari bilan tashrif buyurgan, bu jamoalarda endi porlayotgan yosh yulduzlarga ham o‘rin topilgan. Qoidaga ko‘ra, yozda o‘tadigan turnirlar jahon futbolida qator yangi nomlarni kashf etadi. Yangi formatdagi klublar o‘rtasidagi jahon chempionati ham bundan istisno emas. Quyida turnir davomida kuzatib borish tavsiya etiladigan yosh futbolchilar haqida ma’lumotlar keltiriladi.

Senni Meyulyu

19 yosh, «PSJ», markaziy yarimhimoyachi
Transfer qiymati: 15 million yevro (Transfermarkt)

Senni Meyulyu.
Foto: Reuters

Yosh yarimhimoyachi ilk professional shartnomasini 2024 yil 20 mayida imzolagan. Bir yil o‘tib Meyulyu «Inter» darvozasini ishg‘ol etdi va klublar miqyosidagi eng nufuzli turnir finalida gol urgan eng yosh fransuzga aylandi, u turnir finallarida gol urgan eng yosh futbolchilar reytingida Patrik Klyuyvertdan keyingi uchinchi o‘rinda.

Meyulyu «PSJ»ga besh yarim yil oldin kelgan. Fransuz futbolchisi akademiya murabbiylarida o‘zining kattalardek o‘ynashi bilan yaxshi taassurot qoldirgan. Uning bu fazilatiga Luis Enrike ham e’tibor qaratdi va uni 2023 yil noyabrida asosiy jamoa mashg‘ulotlariga jalb etadi. Keyingi yil martiga kelib Senni muntazam ravishda «Park de Prens» va Fransiyadagi boshqa stadionlarda muntazam ravishda ko‘rinish berib, mavsumdagi so‘nggi to‘qqiz turdan sakkiztasida ishtirok etadi.

Luis Enrikening sxemalarida yosh futbolchilar muhim rol o‘ynaydi. Ispaniyalik murabbiyning asosiy jokerlaridan biri aynan Meyulyudir. Bu mavsumda Enrike ushbu yosh iste’dodga barcha turnirlar doirasida jami 29 o‘yinda ishonch bildirdi, faqat ko‘p holatlarda uni zaxira o‘rindig‘idan maydonga tushirdi. Bu o‘yinlarning deyarli barchasida Senni markaziy yarimhimoyachi pozitsiyasida chiqqan, shunga qaramay, sermahsullik namoyish etgan — gol va pas bo‘yicha 5+3 ko‘rsatkichini qayd etgan, jumladan YeChL finalida milanliklar darvozasiga oxirgi golni urgan. 15 iyun kuni esa klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida «Atletiko»ga qarshi o‘yinning ikkinchi bo‘limida zaxiradan maydonga tushib, o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi.