Tadbir O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Mo‘g‘ulistonga rasmiy tashrifidan atigi ikki kun oldin o‘tkazildi. Bu tasodifmi? Albatta yo‘q.
Tadbirning o‘zi emas, uning vaqti ham gapiradi
Prezident tashrifidan avval madaniy rishtalar orqali o‘ziga xos muhit yaratish – bu xalqaro diplomatiyada “soft power” deb ataladigan uslubning ajoyib namoyishidir. Mo‘g‘ulistondagi konsert va uchrashuvlar orqali yurtimiz o‘zining faqat siyosiy-iqtisodiy, balki madaniy-gumanitar sohadagi maqsadlarini ham namoyon qildi.
Tadbirda O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning shaxsan qatnashishi, Mo‘g‘uliston cport, yoshlar va madaniyat vaziri Undram Chinbat bilan uchrashuvi uning maqomini belgilab berdi. O‘ziga yarasha mas’uliyat va qat’iyat bilan boshlangan oliy darajadagi madaniy aloqalarning kelajagi porloq bo‘lishi va boshqa aloqalarga ham ijobiy ta’sir qilishi shubhasiz.

Madaniy tadbirlar bilan nimalar o‘zgarishi mumkin?
Javobimiz shunday: juda ko‘p narsa.
Madaniyat orqali odamlar bir-birini yanada yaxshi tushunadi. Masalan, mo‘g‘ul tomoshabini o‘zbek raqsini, musiqasini, tilini eshitganida, u bizni xarita orqali tanibgina qolmay, qalbi bilan his eta boshlaydi. Shu orqali xalqlar yaqinlashadi. Xalqlar yaqinlashsa, siyosatchilarga ham oson bo‘ladi – bitim tuzish, kelishuv qilish, hamkorlik boshlash. Asosiysi, kelishuvlarni kutilganidek amalga oshirishga zamin hozirlanadi.
Madaniy aloqalar diplomatiyaning ko‘zga ko‘rinmaydigan, lekin eng ta’sirli kuchidir.
Bu oddiy fuqarolarga nima beradi?
Haqiqat shuki, bunday tadbirlardan har bir o‘zbekistonlik naf ko‘radi.
Birinchidan, boshqa xalqlar orasida o‘zbekcha musiqa, libos, kino, san’at namoyish etilayotgani – bu milliy faxr. O‘z ona tilida kuylayotgan qo‘shiqni boshqa mamlakat sahnasidan eshitgan o‘zbekistonlik boshqacha faxr his qiladi.
Ikkinchidan, bunday tadbirlar orqali O‘zbekistonning dunyodagi imiji yaxshilanadi. Bu esa chet eldagi o‘zbekistonliklar uchun ham, sayyohlar, sarmoyadorlar uchun ham muhim.

















