2025 yil yanvar-may oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 31,3 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu 2024 yilning mos davriga nisbatan 4 mlrd 93 mln dollarga yoki 15 foizga ko‘p.

Bunda eksport hajmi 14,82 mlrd dollar (+31,1 foiz), import hajmi esa 16,49 mlrd dollar (+3,7 foiz) bo‘lgan. Tashqi savdo salbiy saldosi esa 1 mlrd 677 mln dollargacha qisqargan. 

Hisobot davrida tashqi savdo aylanmasining salmoqli qismi Xitoy (17,2 foiz), Rossiya (15,4) Qozog‘iston (5,7 foiz), Turkiya (3,5 foiz) va Janubiy Koreya (2,3 foiz) bilan qayd etilgan.

Dastlabki 5 oylikda yirik hamkor davlatlardan Turkiya, Janubiy Koreya, AQSh, Turkmaniston, Italiya va Litva bilan savdo aylanmasi miqdori qisqargan. Xitoy, Afg‘oniston, Fransiya, Germaniya, Hindiston, BAA kabi davlatlar bilan esa umumiy savdo hajmi sezilarli miqdorda oshgan.

Eksport

Hisobot davrida 6 mlrd 492 mln dollarlik (+54,8 foiz) oltin sotilgan. Bu umumiy eksportning 43,8 foizini tashkil etadi. Shuningdek, eksport tarkibida sanoat tovarlari (10,1 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar (6,2 foiz), kimyoviy vositalar (5,3 foiz), mineral yoqilg‘ilar (4 foiz) va turli xil tayyor buyumlar (3,6 foiz) ham sezilarli ulushga ega bo‘lgan.

Tashqi savdo aylanmasida tovarlar va xizmatlar eksporti bo‘yicha asosiy hamkorlar Rossiya (10,8 foiz), XXR (5,1 foiz), Afg‘oniston (3,5 foiz), Qozog‘iston (3,5 foiz), Turkiya (2,9 foiz), Fransiya (2,7 foiz), BAA (1,5 foiz), Tojikiston (1,4 foiz), Qirg‘iz Respublikasi (1,4 foiz) va Pokiston (1,1 foiz) kabi davlatlar bo‘lgan. Ularning umumiy eksportdagi ulushi 33,8 foizni tashkil etadi.

Yanvar-may oylarida 288 mln dollarlik gaz sotilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 62,7 foizga ko‘p. Bundan tashqari, 212 mln dollarlik neft va neft mahsulotlari (-6,2 foiz), 95 mln dollarlik elektr toki (+72,6 foiz) eksporti ham amalga oshirilgan.

Hisobot davrida qariyb 102 mln dollarlik avtomobil va uning ehtiyot qismlari sotilgan. Bu 2024 yilga nisbatan 26,9 foizga kam.