Rossiya 24 iyun kuni Ukrainaning Dnepr shahriga yo‘llagan ballistik raketa zarbalari oqibatida halok bo‘lganlar soni 18 kishiga yetdi. Dneprga qo‘shni Samar shahrida yana 2 kishi halok bo‘lgan. Bu haqda Dnepropetrovsk viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Lisak ma’lum qildi.
“Hujumlar sabab umumiy hisobda deyarli 300 kishi jabrlandi”, – deya yozdi Lisak Telegram-kanalida.
Dnepr shahrida ko‘plab vayronagarchiliklar qayd etilgan. Portlash to‘lqini Odessadan Zaporijjyaga ketayotgan yo‘lovchi poyezdiga ham zarar yetkazgan.
“Infratuzilma, ta’lim va tibbiyot maskanlari, ma’muriy binolar va favqulodda vaziyatlar xizmati inshootlari, yo‘lovchi poyezdi. 46 ta ko‘p qavatli uy, 41 ta xususiy uy, bir nechta yotoqxonalar, yuzdan ortiq avtomobil zarar ko‘rdi. Bundan tashqari, yoqilg‘i shoxobchasi, avtoservis, xo‘jalik qurilishlari, savdo pavilonlari, do‘konlar ham”, – dedi viloyat rahbari.
Rossiya harbiylari Dneprga berilgan hujum yuzasidan rasmiy izoh bermadi.
















