Eron va Isroil örtasidagi uruş hamon davom etmoqda. Mister Tramp butun dunyoni «tinçlik bilan tabriklab», Eron va Isroil sulh böyiça kelişganini aytganidan keyin ham. Özi beçora Trampga oxirgi vaqtlarda heç kim quloq solmayapti: na Rossiya, na Ukraina, na Eron-u va na Isroil. Keling, hali tugamagan Yaqin Şarqdagi bu töqnaşuvni birinçi Eron – Isroil uruşi deb ataymiz, axir bu çinakam uruş böldi. Quyida uruşdagi bir holatga – Isroilda xuddi Ğazodagidek vayronalar paydo bölganiga töxtalmoqçiman.
Yana ikki davlat qöşildi
Eron va Isroil örtasidagi töqnaşuvni bemalol uruş deb ataşimizga sabablaridan biri unga yana ikki davlat qöşilgani: AQŞ va Yaman. Vaşington Eronga hujum qiliş orqali rasman uruşga qöşildi. Keyinroq Yaman ham Eron tomondan uruşişini e’lon qildi.
Aftidan, Tramp AQŞning oxirgi zarbasidan keyin aytganidek Yamandagi xusiyçilar şialar harakati töliq kuçsizlanib qolmagan. Ular Amerika Eronga hujum qilgaç, «Qizil dengizdagi kemalar xavfsizligi uçun javob bermasliklarini», aytişdi. Yamanning joylaşuvi juda qulay – ular istalgan paytda Qizil dengiz ötiş yölini xavfli marşrutga aylantirib, butun dunyodagi narx-navoni oşirib yuborişi mumkin.
Demak, uruşga rasman törtta davlat qöşildi. Bu hozirça uçinçi jahon uruşi emas, lekin işoning, hozirgi holat çinakam mintaqaviy uruş hisoblanadi.
Isroilda xuddi Ğazodagidek vayronalar
Amerika hujumidan keyin Eron Isroilga yoppasiga ballistik raketalar uçirdi. Natijada Isroil şaharlarida juda köp portlaşlar kuzatildi. «Temir gumbaz» kutilganidek barça raketalarni tutib qololmadi. Eron tomoni umumiy hisobda 27 ta raketa uçirgan va e’lon qilingan rasmlarga qaraganda, köp raketalar nişonga borib urilgan. Isroil şaharlarida xuddi Ğazodagiga öxşagan vayronalar paydo böldi. Kadrlar qutqaruvçi va maşinalardagi ibroniyça yozuvlar bölmasa, xuddi Ğazodagi Isroil armiyasi bombardimon qilgan uylarni eslatadi.
«HAMASga qarşi uruş» iddaosi bilan Ğazoning kulini kökka sovurayotgan vaqtda Isroil rahbarlari köp ötmay ularning şaharlarida ham xuddi şunaqa vayronalar paydo bölişi, uyidan ayrilgan odamlar zor yiğlaşi, ota-onasini qidirgan gödaklar azob çekişini öylamagan bölsa kerak. Lekin biz köp aytadigan haqiqatni yana bir bor eslatmoqçimiz: uruşni boşqara olmagan odam axmoqdir. Uruşni heç kim boşqarolmaydi. Har qanday uruş bir kun kelib uni boşlagan odamning boşiga qulaydi.
Uruşlarga mana şu rakursdan qaraş kerak, azizlar. Heç bir da’vo, heç bir harbiy maqsad yoş bolalar ölimi evaziga qölga kiritişga arzimaydi. Afsuski, dunyoni notinç qilib uruş boşlayotgan mulozimçalar bizni eşitişmaydi, lekin biz sizga – öz auditoriyamizga şu kanalimiz orqali murojaat qila olamiz: heç bir uruşni qöllamang, uruşni boşlaganlarning tarixdan olib kelib söqiydigan safsatalarini eşitmang, «Bizga bu yerlarni Xudo bergan», «Bu yerlar azaldan bizniki bölgan», «Tarixiy haqiqat tiklandi», deb iddao qiladigan siyosatçilar televizor orqali odamlarni avraşni boşlasa, boşqa kanalga oling.












