Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya elitasi o‘z farzandlari uchun xitoylik enagalar yollashni boshladi
Mamlakatda xitoy tilida so‘zlashuvchi enagalarga talab oshgan. Ularning oyligi 5 ming dollargacha yetadi. Oldinroq Putin ham nabirasi «pekinlik tarbiyachisi bilan xitoycha gaplashishini» aytgandi.
Rossiyadagi boy oilalarda xitoy tilida so‘zlashuvchi enagalar ulushi fransuz tilida gapiruvchilarning o‘rnini egallab, ikkinchi o‘ringa chiqdi. Bu haqda Rossiya elitasiga enaga xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniya asoschisi Valentin Gogolga tayanib, The New York Times xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi o‘rinda hanuz ingliz tilida so‘zlashuvchi tarbiyachilar turadi, biroq xitoy tilini biluvchilarga talab juda tez o‘smoqda — kompaniya bu ehtiyojni qondirishga ulgurmayapti. Gogolning so‘zlariga ko‘ra, bunday enagalarning oyligi 5000 dollarga yetadi, biroq «yollash jarayoni ancha murakkab kechmoqda».
Rossiya prezidenti ham yaqinda ushbu trendni tasdiqlagan edi. Putin ilk bor nabirasi borligini tilga olib, u pekinlik tarbiyachisi bilan xitoycha muloqot qilishini qayd etdi: «Men yaqinlarim, qarindoshlarimdan ba’zilari xitoy tilini o‘rganayotgani haqida gapirganimda, nabiramni nazarda tutgan edim — uning tarbiyachisi pekinlik bo‘lib, u bilan xitoy tilida bemalol suhbatlasha oladi».
Putinning ta’kidlashicha, xitoy tiliga bo‘lgan qiziqish oshib borayotganida hech qanday hayratlanarli narsa yo‘q. Rossiya prezidentiga ko‘ra, bu iqtisodiy faollik oshishi bilan bog‘liq. Qachonlardir ingliz, nemis va fransuz tilini biladigan mutaxassislarga ham ehtiyoj shunday paydo bo‘lgan.
Ukrainaga qarshi urush boshlanganidan beri Rossiya ko‘proq Xitoy bilan hamkorlik qilishga majbur bo‘lmoqda. 2024 yilda Xitoy bilan tovar ayirboshlash hajmi 240 milliard dollarga yetgan. Urushgacha Rossiyaning sanoat uskunalari bo‘yicha asosiy yetkazib beruvchisi bo‘lgan Germaniya bilan tovar ayirboshlash hajmi bo‘lsa 1990 yillar boshidagi darajagacha tushib ketgan. Nemis mahsulotlarining Rossiyaga eksporti deyarli 72 foizga kamaygan, Germaniyaning Rossiyadan importi esa qariyb 95 foizga qisqargan.
Mavzuga oid
19:29 / 22.09.2025
Rossiya har qanday tahdidlarga javob berishga qodir – Putin
15:20 / 22.09.2025
Qrim «hokimiyati» Ukraina Forosga zarba berganini ma’lum qildi
14:35 / 22.09.2025
Germaniya Boltiq dengizidagi Rossiya samolyoti tufayli qiruvchilarini havoga ko‘tardi
12:25 / 22.09.2025