Xitoyning Air China aviakompaniyasi O‘zbekistonga muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirish uchun ruxsat oldi.

«O‘zaviatsiya» agentligi tomonidan O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida havo qatnovi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga asosan, Air China aviakompaniyasiga Pekin-Toshkent-Pekin va Urumchi-Toshkent-Urumchi yo‘nalishlarida muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma rasmiylashtirildi.

Parvozlar Boeing-737-800/8 (MAX) va Airbus-330-300/200 havo kemalarida amalga oshiriladi.

Air China — Xitoyning eng yirik davlat aviakompaniyalaridan biri bo‘lib, 1988 yilda tashkil etilgan. Kompaniya dunyoning 200 ga yaqin shahriga reyslarni amalga oshiradi. Uning havo kemalari parkida 500 dan ortiq samolyot bor.