AQSh Prezidenti Donald Tramp dushanba kuni Yaponiya va Janubiy Koreya kabi kuchli ta’minotchilardan tortib, kichik savdo hamkorlari bo‘lgan davlatlargacha bo‘lgan mamlakatlarga, 1 avgustdan boshlab AQSh tomonidan keskin oshirilgan boj stavkalari kuchga kirishini ma’lum qilishni boshladi. Reutersʼning yozishicha, bu — Tramp joriy yil boshida boshlagan savdo urushining yangi bosqichini anglatadi.
Yaponiya va Janubiy Koreya kabi asosiy ittifoqchilardan import qilinadigan barcha tovarlarga AQSh importchilari uchun 25 foizlik boj joriy etilishi Wall-street’ni larzaga soldi, lekin Osiyo bozorlarida bu xabar nisbatan xotirjam qabul qilindi.
Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida AQSh tomonidan 14 ta mamlakatga yuborilgan maktublarni e’lon qildi. Ular orasida Serbiya, Tailand, Tunis va Qozog‘iston kabi kichik eksportchilar ham bor. Bu maktublarda qo‘shimcha muzokaralar uchun imkoniyatlar nazarda tutilgan bo‘lsada, aks javob choralari ko‘rilsa, bunga ham shunday javob qaytarilishi haqida ogohlantirilgan.
«Har qanday sababga ko‘ra siz bojlaringizni oshirsangiz, siz tanlagan raqamga qo‘shimcha tarzda bizning 25% boji ustiga qo‘shiladi», — deb yozgan Tramp Yaponiya va Janubiy Koreyaga yo‘llagan maktublarida.
Xususan, Tramp xat yuborilgan davlatlarga quyidagi boj stavkalarini joriy qilmoqchi ekanligini ma’lum qildi:
- Tunis, Malayziya va Qozog‘iston: 25%
- Janubiy Afrika, Bosniya va Gersegovina: 30%
- Indoneziya: 32%
- Serbiya va Bangladesh: 35%
- Kambodja va Tailand: 36%
- Laos va Myanma: 40%
Nashrga ko‘ra, yangi bojlar 1 avgustdan kuchga kiradi va ilgari e’lon qilingan avtomobil, po‘lat yoki alyuminiy kabi sektoral bojlar bilan birlashtirilmaydi.
Xususan, Markaziy Osiyodagi qo‘shnimiz Qozog‘iston prezidenti Qosim Jo‘mart To‘qayevga yo‘llangan xatda 1 avgustdan boshlab Qozog‘istondan import qilinadigan barcha tovarlarga 25% boj stavkasi joriy etilishi yozilgan.

















