Qashqadaryo viloyati, Ko‘kdala tumani Yettitom shaharchasi hududida kuchli portlash sodir bo‘ldi. Kun.uz obunachilarining xabar berishicha, bugun, 16 iyul kuni 14:30lar chamasida hududdagi katta yoqilg‘i quyish shoxobchalaridan birida portlash sodir bo‘lgan. Portlash bir nechta obektda kuzatilgan, olov balandligi o‘nlab metrga ko‘tarilgan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligining ma’lum qilishicha, bugun soat 14:40larda Qashqadaryo viloyati FVBga, Ko‘kdala tumani, «Oltindala» MFYda joylashgan gaz quyish shoxobchasi hududida yong‘in sodir bo‘layotganligi to‘g‘risida xabar kelib tushgan.

Xabarga asosan, yong‘in-qutqaruv ekipajlari voqea joyiga 14:45 da yetib borib, yong‘in soat 15:00 da o‘rab olingan va hozirda uni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.

Vaziyat to‘liq Qashqadaryo viloyati FVB nazoratida. FVB gaz quyish shoxobchasida portlash bo‘lgani va jarohatlanganlar haqida ma’lumot bermadi.