Jahon | 09:34 / 09.08.2025
1943
2 daqiqa o‘qiladi

Moldovada saylovlardagi korrupsiya ishi bo‘yicha tintuvlar o‘tkazilmoqda

Moldova politsiyasi «jinoiy tashkilot a’zolari va tarafdorlari»da 80 ga yaqin tintuv o‘tkazayotganini ma’lum qildi. Rossiyaparast «Shor» muxolifat partiyasi rahbari Ilan Shorning aytishicha, uning safdoshlarida tintuv o‘tkazilmoqda.

Foto: Moldova politsiyasi

Moldova politsiyasi payshanba kunidan beri mamlakatning bir qancha shaharlarida saylovlarni noqonuniy moliyalashtirish va korrupsiyaga oid jinoiy ish yuzasidan 78 ta tintuv o‘tkazdi, deb xabar berildi mahalliy huquq-tartibot idoralarining ijtimoiy tarmoqlarida.

Tadbirlar Milliy tergov byurosi (INI), politsiyaning «Fuljyer» maxsus bo‘linmasi, shuningdek, Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash va alohida ishlar bo‘yicha prokuratura (PCCOCS) xodimlari tomonidan amalga oshirilmoqda. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, tintuvlar «jinoiy tashkilot a’zolari va tarafdorlari»da o‘tkazilmoqda. Shuningdek, huquq-tartibot idoralari xodimlari fuqarolarni «hamkorlik qilishga va eshikni ochishga» chaqirdi: «Aks holda biz kuch bilan bostirib kiramiz». Xavfsizlik kuchlari tintuvlar yakunlanganidan keyin boshqa tafsilotlarni e’lon qilishga va’da berdi.

Aynan kimlarda tintuv o‘tkazilayotgan ham rasman aytilmagan. Moldovada 2023 yilda konstitutsiyaga zid deb e’lon qilingan muxolifatdagi rossiyaparast «Shor» partiyasi rahbari Ilan Shor Kishinyov va mamlakat shimolida uning tarafdorlarida tintuvlar o‘tkazilayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ular uchun sabab - 28 sentabrga belgilangan parlament saylovlariga aralashish bo‘yicha gumonlar. «Yevgeniya Gutsulni (Gagauziya rahbari) qamoqqa tashlash orqali ular o‘zlarining chegarasi yo‘qligini ko‘rsatdi. Ular siyosiy mavqeyi uchun odamga hamma narsa qiladi va to‘xtamaydi», — deya Shor so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda TASS agentligi.

26 iyun kuni mamlakatning bir qancha shaharlarida xuddi shunday holat yuzasidan tintuvlar o‘tkazildi. Rasmiylarga ko‘ra, 38 yoshli erkak va 50 yoshli ayol «qochoq oligarx Ilan Shorning jinoiy tashkiloti manfaatlarini ko‘zlab, «saylov maqsadida» fuqarolarga pora bermoqchi bo‘lgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid