Ko‘chmas mulk | 17:04 / 14.08.2025
10164
4 daqiqa o‘qiladi

Grand Mir mehmonxonasi o‘rnida 30 qavatli baland binolar qurilishi mumkin. Tafsilotlar

Yaqin kunlar ichida Toshkentning qoq markazida joylashgan Grand Mir mehmonxonasini buzish boshlanishi kutilyapti. Uning o‘rnida 30 qavatdan yuqori bo‘lgan biznes va savdo markazlari qurilishi rejalashtirilgan. Bu amaldagi shaharsozlik normalariga zid. Loyiha allaqachon Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashiga taqdim etilgan.

Iyun oyining oxirlarida ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentning qoq markazida joylashgan Grand Mir (sobiq «Rossiya») mehmonxonasi o‘rnida 30 qavatdan yuqori bo‘lgan biznes va savdo markazlari qurilishi haqidagi xabarlar tarqaldi.

Iyul oyining o‘rtalarida bloger Nikita Makarenko Grand Mir xodimlariga tayanib, sentabr oyidan boshlab mehmonxona buzilish uchun yopilayotganini ma’lum qildi. Dastlab loyihaning bosh pudratchisi sifatida Koç Construction nomi tilga olingandi, ammo kompaniya ayni paytda qurilish ishlariga aloqasi yo‘qligini bildirdi.

Loyihaning arxitektura konsepsiyasini ishlab chiqayotgan Design Factory kompaniyasi vakili Shavkat Abdullayev Podrobno.uz’ga bergan izohida Grand Mir’ni buzish sentabr oyiga rejalashtirilganini va yil oxirigacha yakunlanishini tasdiqladi.

«Loyiha allaqachon tasdiqlangan, uning doirasida 30 qavatli biznes markazi va ikkita qo‘shimcha bino qurish rejalashtirilgan. Amalga oshirish muddati — ikki-uch yil», degan Abdullayev.

Spot’ning vaziyatdan xabardor manbaga tayanib yozishicha, Grand Mir o‘rnida binolar majmuasini qurish loyihasi allaqachon Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashiga kelib tushgan. Toshkent shahar hokimligi ushbu loyihaga aloqadorligini rad etgan bo‘lsa, Yakkasaroy tumani hokimligi bino shaxsiy mulk bo‘lgani sababli tadbirkorning ishiga aralasha olmasligini bildirgan.

Booking.com saytida 26 avgustdan boshlab Grand Mir xonalarini bron qilish imkoni mavjud emas. Ayni paytda mehmonxona sayti ishlamayapti.

Ma’lumot uchun, ilgari «Rossiya» mehmonxonasi nomi bilan mashhur bo‘lgan Grand Mir 1964 yilda qurilgan va 2003 yilda rekonstruksiya qilingan. Inshoot ikki blok, 9 qavat va 126 xonadan iborat.

Bosh rejaga zid bo‘lishiga qaramay, ilgari surilayotgan yirik qurilish loyihalaridan hozirgacha bir nechtasi ma’lum. Ular shaharning markaziy nuqtalarida joylashgan va bosh rejada ruxsat etilganidan karrasiga baland qilib loyihalashtirilgan:

  • Islom Karimov ko‘chasidagi «Foton» zavodi o‘rnida 53 qavatli (Nest One'dan ham balandroq) majmua; tashabbuskor – «Foton» AJ, loyiha qiymati – 175 mln dollar;
  • Beshyog‘och bozori o‘rnida 30 qavatgacha bo‘lgan binolar majmuasi; tashabbuskor – Toshkent shahar hokimligi, loyiha qiymati – 461 mln dollar;
  • Taras Shevchenko ko‘chasidagi sobiq Geologiya qo‘mitasining binosi o‘rnida 30 qavatgacha bo‘lgan binolar majmuasi; tashabbuskor – «Xamkar Inshaat» MChJ, loyiha qiymati – 180 mln dollar;
  • Seul ko‘chasida Ritz Carlton brendi ostida kamida 30 qavatli mehmonxona; tashabbuskor – «PD Estates» MChJ XK; loyiha qiymati – 200 mln dollar;
  • Bunyodkor ko‘chasida Katta Qozirobod mahallasi hududida har biri kamida 30 qavatli egizak binolar; tashabbuskor – TSC-HK-Investment (Xitoy), loyiha qiymati – 340 mln dollar.

Mavzuga oid