Iqtisodiyot | 07:20 / 18.08.2025
2149
3 daqiqa o‘qiladi

Bojxona organlari tomonidan ko‘rsatiladigan pulli xizmatlar ro‘yxati tasdiqlandi

Ro‘yxat 68 turdagi xizmatlarni qamrab oladi, jumladan: eksport-import operatsiyalari bo‘yicha axborot olish, Bojxona qo‘mitasining axborot tizimlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri integratsiya qilish orqali bir yil davomida O‘zbekistonning tashqi savdo (import-eksport) bojxona statistikasi bo‘yicha ma’lumotlarni olish va boshqalar.

Foto: O‘zA

Iqtisodiyot va moliya vazirining buyrug‘i bilan bojxona organlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘rsatiladigan pulli xizmatlar ro‘yxati va tariflari tasdiqlandi. Hujjat «Davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan.

Ro‘yxat 68 turdagi xizmatlarni qamrab oladi, jumladan:

- eksport-import operatsiyalari bo‘yicha axborot olish (masalan, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari va bojxona brokerlari tomonidan mustaqil ravishda rasmiylashtirilgan bojxona yuk deklaratsiyalari to‘g‘risida axborot olish);

- Bojxona qo‘mitasining axborot tizimlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri integratsiya qilish orqali bir yil davomida O‘zbekistonning tashqi savdo (import-eksport) bojxona statistikasi bo‘yicha ma’lumotlarni olish (tovarlar soniga qarab tarif);

- kredit olish uchun tijorat bankiga murojaat qilgan jismoniy shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tijorat bankiga uning so‘roviga asosan axborot tizimi orqali taqdim etish;

Markaziy bojxona laboratoriyasi tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar:

- kimyoviy xossalari asosida to‘qimachilik matolarining tarkibini aniqlash;

- tovarlar ekspertizasi turi bo‘yicha xizmatlar va boshqalar.

Bojxona instituti tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar, xususan:

- «Tashqi iqtisodiy faoliyat» va boshqa yo‘nalishlarda o‘qish istagini bildirgan talabani o‘qitish va turar joy bilan ta’minlash;

- Milliy kinologiya markazi (it va mushuklarni klinik ko‘rikdan o‘tkazish va pasportlashtirish va h.k.).

Eng qimmat xizmat — tijorat bankiga kredit olish uchun murojaat qilgan shaxslarning roziligi asosida ularga oid ma’lumotlarni axborot tizimi orqali tijorat bankiga so‘rov asosida bir yil davomida taqdim etish hisoblanadi. Buning uchun BHM 2 ming barobari miqdorida to‘lov qilinadi (824 mln so‘m)

O‘zbekiston tashqi savdo bojxona statistikasi (import–eksport) bo‘yicha ma’lumotlarni Bojxona qo‘mitasi axborot tizimlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri integratsiya orqali bir yil davomida olish uchun quyida miqdorda to‘lov qilinadi:

- 50 mingta tovargacha — BHM 25 baravari (10,3 million so‘m);

- 4 mln tadan ortiq tovar uchun — BHM 250 baravari (103 million so‘m).

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid