Qilichlar ITsM delegatsiyasining Eronga tashrifi chog‘ida topilgan. Markaz vakillarining so‘zlariga ko‘ra, bu osori-atiqalar asrlar davomida Eron hukmdorlarining eng qimmatbaho yodgorliklaridan biri hisoblangan. Tig‘ replikalarini Ikkinchi Renessansga bag‘ishlangan zal ekspozitsiyasiga kiritish rejalashtirilgan.

Markaz delegatsiyasi Eronning boshqa shaharlarida ham bo‘ldi. Shunday qilib, vakillar Mashhadda XV asrga oid bir qator binolar, jumladan, madrasalar, masjidlar va karvonsaroylarni ko‘zdan kechirdi. Shohrux Mirzoning rafiqasi Gavharshodbegim taklifi bilan bunyod etilgan «Gavharshod» masjidiga alohida e’tibor qaratildi. Masjidning me’moriy qiyofasi o‘sha davrdagi Samarqand va Buxoro yodgorliklari bilan hamohang ekani ta’kidlangan. Markaz ekspozitsiyasida masjidning 3D modeli yoki maketini ham namoyish etish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, delegatsiya a’zolari Tus shahridagi shoir Firdavsiy maqbarasi, shuningdek, temuriylar davrida qayta tiklangan Xoruniy me’moriy majmuasini ziyorat qildi. Manbalarda qayd etilishicha, XI asrda bu yerda Nizomiya madrasasi faoliyat ko‘rsatgan.