Iqtisodiyot | 16:12 / 22.08.2025
18406
2 daqiqa o‘qiladi

Dollarning rasmiy kursi oxirgi 20 oylikdagi eng past darajaga tushdi

Dollar kursi ketma-ket uchinchi savdo kuni so‘mga nisbatan pasayib, deyarli 168 so‘mga (1,3 foiz) arzonlashdi. 25 avgust kuni amalda bo‘ladigan 12 357 so‘mlik rasmiy kurs – 2024 yilning 6 yanvaridan beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkichdir.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Markaziy banki 25 avgustdan boshlab xorijiy valutalarning o‘zbek so‘miga nisbatan yangi qiymatini belgiladi. AQSh dollari kursi kunlik savdolar yakuniga ko‘ra yana 56,7 so‘mga o‘z qiymatini yo‘qotdi.

Umuman olganda, dollar kursi ketma-ket uchinchi savdo kuni so‘mga nisbatan pasayib, deyarli 168 so‘mga (1,3 foiz) — 12 525 so‘mdan 12 357 so‘mga arzonlashdi. Bu – 2024 yilning 6 yanvaridan (12 355 so‘m) beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkich.

Yil boshidan buyon milliy valuta AQSh valutasiga nisbatan 4,2 foizga mustahkamlandi. Taqqoslash uchun, 2024 yilning mos davrida so‘m 2,6 foizga (12 352 so‘mdan 12 677 so‘mga) qadrsizlangan edi.

Kun davomida Amerika valutasini 12 430 so‘mdan boshlab sotib olish mumkin bo‘ldi. 

Ayni paytda so‘m kursining mustahkamlanishiga pul o‘tkazmalari oqimining ko‘payishi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning oshishi, asosiy hamkor davlatlar milliy valutalarining barqarorlashishi va oltin narxining qimmatlashishi fonida eksportning o‘sishi va savdo taqchilligining qisqarishi kabi omillar ta’sir qilayotgan bo‘lishi mumkin. 

Mavzuga oid