16 avgust kuni Toshkentdagi 4-sonli shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasida 4 yoshli Zubayr Amonov vafot etdi. Dastlabki tibbiy ma’lumotnomada uning o‘limi sababi o‘pka-yurak yetishmovchiligi, A09 infeksiyasi bilan bog‘liqligi taxmin qilinayotgan diareya va gastroenterit ekanligi ko‘rsatilgan. Marhumning otasi Bahrom Amonov esa bolasiga shifokorlar to‘g‘ri tashxis qo‘ymagani, unga yetarli darajada e’tibor bilan muolajalar qilmaganini ta’kidlamoqda.
Farzand dog‘ida qolgan otaning so‘zlariga ko‘ra, shifoxonaga olib borilganidan so‘ng, bolada isitma chiqqan va kechqurun lablari ko‘karib, oyoqlari muzlab qolgan. Onasi shifokorlarga mazkur holat haqida aytganda “bu oddiy hol, o‘tib ketadi” deya ularga hech kim qaramagan. Bolaning ahvoli og‘irlashib, tanasi qaltiray boshlaganda reanimatsiyaga olingan va shu joyda go‘dakning joni uzilgan.
Marhumning otasi Bahrom Amonov voqealarni Kun.uz’ga so‘zlab berdi:
“2025 yil 12 avgust kuni ko‘chadan ikkita tarvuz oldim. Bittasini ota hovliga olib bordim, ikkinchisini esa kvartiraga olib chiqib, tushlik payti bolalarim bilan yedik. Oradan ikki-uch soat o‘tib, eng kichkina qizim (1,5 yosh) qusa boshladi. Darhol Shayxontohur tumanidagi 4-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib bordik. Uyda olishga mo‘ljallab muolajalar yozib berishdi. Yo‘lda qizimga qusishni to‘xtatadigan ukol qildirdik, ertasiga ahvoli sal yaxshilandi. Kechga borib esa yana mazasi qochdi, ichi ketishni boshladi. Yana o‘sha yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib bordik. Analizlari yomon chiqqani uchun qizimni shifoxonada qoldirishdi.
O‘sha kuni kechqurun katta qizimda (5,5 yosh) bosh og‘rig‘i kuzatildi. Ertasi kuni isitmasi ko‘tarildi. Bir payt 4 yoshli o‘g‘lim qayt qila boshladi. Unda isitma yo‘q edi, faqat tinimsiz qusdi. Shundan keyin ularni ham kiyintirib, yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib bordim. Shifokorlar ikkisini ham palataga yotqizishdi. Bu 15 avgust kuni ertalab soat 8:00-8:30 lar atrofida bo‘lgan voqea.
16 avgust kuni tongda telefon orqali ayolimdan farzandlarim holatini so‘raganimda o‘g‘limning isitmasi balandligi, behol yotganini aytdi. Men “doktorga ko‘rsat” dedim, u esa “shifokorlar bu oddiy holat, xavotirga o‘rin yo‘q” deya tushuntirganini ta’kidladi. Hamshira esa o‘zining ishlari bilan ovora bo‘lib, ayolimning gapiga e’tibor ham bermagan”, – deydi ota.
Kun davomida bolaning isitmasi ko‘tarilib, kechqurun 38,5 darajagacha yetgan. Bola tinmay qusgani sababli dorilar berilmagan, faqat analgin va dimedrol ukoli qilingan. Biroq ertalabgacha isitma pasaymagan. Tongda shifokor tekshiruvga kirganida bolaning qusishida qon aralashganligi kuzatilgan. Shifokor bu holatni kuchli qusish oqibatida mayda qon tomirlar yorilishi bilan izohlagan va qo‘shimcha muolaja yozib bergan. Shunga qaramay, kun davomida bolaning isitmasi tushmagan. Ona bola uyg‘onmaganini aytganida esa shifokor uning ahvoli normal ekanini bildirgan va faqat ko‘proq suyuqlik ichirishni tavsiya qilgan






