Iqtisodiyot | 18:08 / 23.08.2025
11745
2 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekistonda yirik neft koni ochilishini sabrsizlik bilan kutyapmiz” - Ilhom Aliyev

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Avazada o‘tgan uch tomonlama sammitda SOCAR kompaniyasi Ustyurtdagi neft konlarini ochish ustida ish boshlaganini aytarkan, kelgusi 1-2 yilda yaxshi yangiliklar bo‘lishiga umid bildirdi.

Foto: O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati

Ozarboyjonning SOCAR neftgaz kompaniyasi O‘zbekistondagi neft konlarini o‘zlashtirishga kirishdi. Bu haqda Turkmaniston, O‘zbekiston va Ozarboyjon yetakchilarining uch tomonlama sammiti doirasida, Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev aytib o‘tdi.

“Ozarboyjon Turkmaniston bilan an’anaviy energetik hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Endi biz O‘zbekiston bilan ham bu sohaga kirdik. SOCAR O‘zbekistondagi neft konlarini o‘zlashtirishni allaqachon boshladi, shartnoma imzolandi. Kelgusi 1-2 yil ichida yaxshi yangiliklar bo‘ladi deb umid qilamiz. O‘zbekistonda yirik neft koni ochilgani haqidagi yangilikni hammamiz sabrsizlik bilan kutyapmiz”, dedi Aliyev.

Gap Ustyurtdagi konlar haqida ketyapti. 24 iyul kuni O‘zbekiston Energetika vazirligi, “O‘zbekneftgaz” AJ va SOCAR kompaniyasi o‘rtasida mahsulot taqsimoti bo‘yicha bitim imzolandi. Uning doirasida Ustyurt neft-gaz hududida geologik qidiruv ishlari olib boriladi va keyinchalik uglevodorodlarni qazish yo‘lga qo‘yiladi.

O‘zbekiston tomonining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, bitim qiymati – qariyb 2 mlrd dollar. Dastlabki prognozlarga ko‘ra, Ustyurtda 100 mln tonna neft va 35 mlrd kub metr tabiiy gaz zaxiralariga ega ulkan konni topish rejalashtirilgan.

Loyiha ishga tushirilgach, har yili 5 mln tonna neft qazib olish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu O‘zbekistonning ayni paytdagi neft importi – 2 mln tonnadan 2,5 barobarga ko‘p.

Loyiha O‘zbekistonning 25 yil davomida neftga bo‘lgan ehtiyojini qoplashi aytilgan.

Mavzuga oid