O‘zbekiston | 17:15 / 28.08.2025
3063
2 daqiqa o‘qiladi

Uzcard'dagi uzilishlar bartaraf etilgani xabar qilindi

Mobil ilovalar ishlashi to‘liq tiklanib, Uzcard kartalari bo‘yicha barcha operatsiyalar qayta yo‘lga qo‘yildi, deyiladi kompaniya bayonotida. Uzilish qariyb 3 soat davom etdi.

Uzcard to‘lov tizimi faoliyatida yuzaga kelgan nosozliklar bartaraf etildi. Kompaniya “rejalashtirilmagan profilaktika ishlari”ning yakunlanganini ma’lum qildi.

“Barcha texnik tadbirlar muvaffaqiyatli amalga oshirildi va hozirgi paytda protsessing servislarining faoliyati me’yoriy tartibda davom etmoqda.

Mobil ilovalar ishlashi to‘liq tiklandi, shuningdek Uzcard bank kartalari bo‘yicha barcha operatsiyalar qayta yo‘lga qo‘yildi.

Vaqtinchalik cheklovlar davrida ko‘rsatgan tushunishingiz va sabringiz uchun minnatdorchilik bildiramiz. Keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz”, – deyiladi Yagona umumrespublika protsessing markazi bayonotida.

28 avgust kuni Uzcard kartalari ishlamayotgani haqida ijtimoiy tarmoqlardagi dastlabki xabarlar taxminan 12:40 larda paydo bo‘la boshladi. Barchasi bartaraf etilgani haqidagi rasmiy axborot esa 15:53 da e’lon qilindi. Shu tariqa, nosozliklar 3 soatdan ortiqroq davom etgan bo‘lishi mumkin.

Uzcard uzilishlar vaqtidagi operatsiyalar bo‘yicha savollar bilan bankka yoki Uzcard koll-markaziga (1257 qisqa raqami) murojaat qilishga chaqirdi.

Ushbu holat fonida Humo to‘lov tizimi rasmiy axborot bilan chiqib, tizim to‘liq soz holatda ishlayotganini ma’lum qildi. “Ba’zi kanallarda tarqalayotgan noto‘g‘ri ma’lumotlarga oydinlik kiritamiz: Humo xizmatlarining barchasi barqaror va uzluksiz ishlamoqda”, – deyiladi bayonotda.

Mavzuga oid