F guruhi

Armaniston – Portugaliya 0:5
Gollar: Joau Feliks, 10 (0:1). Krishtianu Ronaldu, 21 (0:2). Joau Kanselu, 32 (0:3). Krishtianu Ronaldu, 46 (0:4). Joau Feliks, 62 (0:5)
Armaniston: Avagyan, Muradyan, Arutyunyan, Tiknizyan (Grigoryan, 79), Piloyan, Ivu (Agasaryan, 86), Spersyan, Bichaxchyan (Sevikyan, 60), Oganesyan, Selarrayyan (Ranos, 60), Barsegyan (Shagoyan, 79)
Portugaliya: Koshta, Ruben Diash, Gonsalu Inasiu, Nunu Mendesh (Nunu Tavaresh, 66), Joau Kanselu (Palinya, 79), Joau Nevesh, Pedru Netu (Trinkan, 46), Brunu Fernandesh, Joau Feliks (Gonsalvesh, 66), Vitinya, Krishtianu Ronaldu (Ramush, 57)
Ogohlantirish: Piloyan, 26

Armanistonda iste’foga chiqarilgan gollandiyalik Jon van ‘t Sxip o‘rniga shu vaqtgacha «Pyunik»da ishlab kelgan Yegishe Melikyan yangi bosh murabbiyga aylandi. Portugaliya bilan o‘yinga u uch markaziy himoyachidan iborat pragmatik sxema tanladi, faqat bu yordam bermadi va birinchi bo‘lim o‘rtalariga kelib Joau Feliks va Krishtianu Ronaldu bittadan gol urishdi. Endilikda «An-Nasr»da birga to‘p surayotgan ushbu futbolchilarning ikkisi ham darvozabon hududiga uzatilgan pasdan keyin darvoza to‘rini ishg‘ol etishdi, mezbonlar himoyachilari tig‘iz joylashuvi gollardan qutqara olmadi.

Saudiya Arabistoni chempionatiga o‘ynayotgan yana bir portugaliyalik Joau Kanselu uchinchi golni urganida esa tribunalarda yig‘ilganlarning natijadan umidi butkul uzildi. Ushbu himoyachi o‘z golini Diogu Jotaga bag‘ishladi. Ikkinchi bo‘lim boshida mehmonlar sardori uzoq masofadan o‘z uslubida navbatdagi golini urdi. Bu orqali 40 yoshli futbolchi Portugaliya safidagi gollarini 140 taga yetkazib oldi. O‘z navbatida, bu uning faoliyatidagi 941 va 942-gollar bo‘ldi.

O‘yin natijasi amalda hal bo‘lganidan keyin Roberto Martines sardorga dam berishga qaror qildi. Biroz o‘tib terma jamoadagi ilk dublini nishonlagan Feliks ham maydondan olindi. Armaniston esa bor kuchi bilan hech bo‘lmasa bitta javob goli urishga intildi, ammo mezbonlar gol urishdan ko‘ra gol o‘tkazib yuborishga yaqinroq edi. Masalan, Spersyan o‘z jamoasi darvozasi yaqinida to‘p yo‘qotganida faqat darvozabon Avagyanning qahramonligi navbatdagi goldan saqlab qoldi. Portugaliya shunchaki boshqa darajada ekanini namoyish etdi, Armaniston esa bu o‘yini bilan ikkinchi o‘rin uchun kurashishi ham savol ostida.

Irlandiya – Vengriya 2:2
Gollar: Varga, 2 (0:1). Sholloi, 15 (0:2). Fergyuson, 49 (1:2). Ida, 90+3 (2:2)