Strategik islohotlar agentligi prezidentning tungi iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha qarori loyihasini tayyorladi.

Loyihaga ko‘ra, 2025-2030 yillarda:

  • tun-u kun faoliyat ko‘rsatuvchi ko‘chalar (hududlar) soni 320 taga;
  • tun-u kun faoliyat ko‘rsatuvchi kafe va restoranlar soni 8 mingtaga;
  • tun-u kun faoliyat ko‘rsatuvchi savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalari soni 14,2 mingtaga yetkaziladi.

Bundan tashqari, loyihadan tun-u kun faoliyat ko‘rsatuvchi ko‘chalar (hududlar)da 755 ta avtoturargohlar tashkil etish, tun-u kun faoliyat ko‘rsatuvchi ko‘cha (hudud)larda tashkil etiladigan savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarida 11,3 mingta yangi ish o‘rinlari yaratish, tunda faoliyat yuritadigan turistik obektlar va madaniy tadbirlarni rivojlantirish orqali 190 ming mahalliy va xorijiy sayyohlarni jalb qilish rejalari o‘rin oldi.

Hujjatga ko‘ra, savdo, xizmat ko‘rsatish va ko‘ngilochar sohalarning tungi vaqtda ham to‘siqsiz faoliyat ko‘rsatishi kafolatlanishi belgilanadi.

Tungi vaqtda faoliyat yurituvchi tadbirkorlar qo‘llab-quvvatlanadi

Qaror loyihasida gastronomik, ko‘ngilochar va turizm sohalarida ishlaydigan tadbirkorlik sub’yektlari uchun to‘langan soliqning bir qismini qaytarib berish (keshbek) tizimi kengaytirilishi nazarda tutilgan.

Mahalliy brendga ega tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan tun-u kun faoliyat ko‘rsatuvchi ko‘cha va hududlarda o‘z filialini ochish uchun bitta filial kamida:

  • 5 ta yangi ish o‘rni yaratgan taqdirda 1 milliard so‘mgacha;
  • 10 ta yangi ish o‘rni yaratgan taqdirda 5 milliard so‘mgacha;
  • 15 ta yangi ish o‘rni yaratgan taqdirda 10 milliard so‘mgacha moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi.

Bundan tashqari, hududlarda filial ochish istagini bildirgan mahalliy brend egalariga yangi xodimlarni o‘qitish va qayta tayyorlash bilan bog‘liq xarajatlarning yarmi bir nafar xodim uchun bazaviy hisoblash miqdorining 5 barobaridan oshmagan miqdorda qoplab beriladi. Shuningdek, mahalliy brend egalari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarga sifat darajasini anglatuvchi milliy sertifikatlarni olish bilan bog‘liq xarajatlar to‘liq, xalqaro tan olingan sertifikatlarning 3 ming AQSh dollaridan oshmagan qismi qoplab beriladi.