10 sentabr kuni Polsha bosh vaziri Donald Tusk operatsiyalar davom etayotganini va NATO bosh kotibi Mark Rutte bilan «doimiy aloqada» ekanini aytdi. Hukumat vakilining ma’lum qilishicha, Tusk vazirlar kengashining favqulodda yig‘ilishini soat 8:00 da chaqirgan.
Reutersʼning yozishicha, Polsha harbiy qo‘mondonligi Rossiya hujumi vaqtida dronlar bir necha bor Polsha havo hududini buzganini bildirdi. Radarlarda 10 dan ortiq obekt kuzatilgan va xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lganlari «neytrallashtirilgan».
«Hududimizga kirgan ayrim dronlar urib tushirildi. Ularning halokat joylarini aniqlash bo‘yicha qidiruv ishlari davom etmoqda», deyiladi bayonotda.
Harbiylar odamlarni uyda qolishga chaqirib, Podlaskie, Mazovetske va Lyublin viloyatlari eng xavf ostida ekanini ta’kidladi. «Bu — fuqarolarimiz xavfsizligiga real tahdid solgan tajovuz harakati», deyiladi rasmiy ogohlantirishda.

Rossiya Mudofaa vazirligi hozircha vaziyatga munosabat bildirmadi.
CNN nashrining yozishicha, AQSh davlat kotibi Marko Rubio ham bu haqida xabardor qilingan. Lekin Davlat departamenti izoh bermadi.
Varshavadagi eng yirik aeroport — Chopin aeroporti harbiy harakatlar tufayli havo hududi yopilganini bildirdi. Flightradar24 ma’lumotlariga ko‘ra, Chopinga qo‘nishi kerak bo‘lgan bir qancha reyslar boshqa aeroportlarga yo‘naltirilgan.
AQSh Federal aviatsiya ma’muriyati oldinroq Chopin aeroporti Polshaning vaqtincha yopilgan to‘rtta aeroportidan biri ekanini, ular orasida Ukrainaga yo‘lovchi va qurol tashishda muhim bo‘lgan Rjyeshuv–Yasionka aeroporti ham borligini ma’lum qilgan edi.
Ukrainaning havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, Volin va Lvov viloyatlari ham jumladan, mamlakatning katta qismi butun tun havo hujumi ogohlantirishlari ostida bo‘lgan. Avvalroq Ukraina havo kuchlari Rossiya dronlari NATO a’zosi Polsha havo hududiga kirib, Zamosh shahriga tahdid solganini bildirgandi. Biroq keyinroq bu bayonotni Telegramʼdan olib tashlagan.
















