Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ba’zi toifadagi xotin-qizlar uchun OTM kontrakt puli davlat tomonidan to‘lab beriladi
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar uchun muhim imkoniyat yaratildi - ularning shartnoma (kontrakt) to‘lovlari davlat tomonidan qoplab beriladi.
Ushbu imtiyozdan foydalanish istagida bo‘lgan xotin-qizlar belgilangan tartibda o‘z OTMlari qabul komissiyasiga murojaat qilishlari lozim.
Davlat hisobidan kontrakt puli to‘lab beriluvchi xotin-qizlar quyidagi toifalarga mansub bo‘lishi kerak:
Ijtimoiy ehtiyojmand oilalar vakillari, jumladan:
Kam ta’minlangan yoki kambag‘al deb e’tirof etilgan oilalar farzandlari;
Yetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lganlar;
Turmush o‘rtog‘ini yo‘qotgan va farzandlarini yolg‘iz tarbiyalayotgan ayollar.
Ariza berish tartibi qanday?
Xotin-qizlar ushbu imtiyozdan foydalanish uchun ta’lim olayotgan OTMning qabul komissiyasiga ariza topshirishlari lozim. Arizaga hech qanday hujjatlar ilova qilinmaydi — kerakli ma’lumotlar elektron shaklda davlat bazalari orqali olinadi.
Qabul komissiyalar arizalarni yig‘ib, 5 ish kuni ichida vazirlikka yuboradi. Vazirlik esa hujjatlarni hududiy hokimliklarga taqdim etadi.
Saralash qanday amalga oshiriladi?
Har bir viloyatdan 150 nafar: 1-kurs talabalari uchun – 40 nafar, 2- va undan yuqori kurslar uchun – 110 nafar xotin-qiz tanlab olinadi.
Tanlov hududiy komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi. Ular 5 kun ichida talabgorlarning yashash joylariga chiqib, ijtimoiy sharoitini o‘rganadi. Quyidagi mezonlar asosiy hisoblanadi:
- Ijtimoiy ahvol;
- Abituriyentning oliygohga kirishda to‘plagan balli;
- Tahsil olayotgan yo‘nalish bo‘yicha hududda kadrlarga ehtiyoj;
- Qaysi kursda o‘qishga kirgani.
Tanlab olingan xotin-qizlar ro‘yxati Oila va xotin-qizlar qo‘mitasiga yuboriladi, u yerda 10 kun ichida tavsiyanoma rasmiylashtiriladi va hokimlikka qayta yuboriladi.
Kontrakt qachon to‘lab beriladi?
Tanlab olingan talabalarning kontrakt puli har chorak yakunigacha to‘rtga bo‘lib, mahalliy hokimliklar tomonidan to‘lab beriladi.
Ikkinchi mutaxassislikda yoki O‘zbekistondagi xorijiy, xususiy OTMlarda o‘qiyotgan xotin-qizlarning kontrakti uchun mazkur imtiyoz qo‘llanmaydi. Xotin-qizlar o‘qish joyini yoki ta’lim yo‘nalishini o‘zgartirsa, shuningdek, talabalar safidan chetlashtirilsa, kontrakt bo‘yicha imtiyoz bekor qilinadi.
Mavzuga oid
15:23 / 01.06.2026
Samarqanddagi 4 ta oliygoh qayta tashkil etiladi
17:44 / 25.05.2026
Oliygohlarda kontrakt to‘lash muddati uzaytirildi
09:22 / 15.05.2026
Pedagoglar farzandlari uchun kontraktga 30 foizlik chegirma berilishi mumkin
21:12 / 03.04.2026