Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi 9 sentabr kuni Isroilning Qatar poytaxti Dohaga qilgan hujumini qoralovchi, vaziyatni yumshatishga chaqiruvchi bayonot qabul qildi. Unga Kengashning 5 ta doimiy va 10 saylanadigan a’zolari, jumladan, Isroilning asosiy ittifoqchisi bo‘lgan AQSh ham qo‘shildi.

New York Times'ning yozishicha, Qo‘shma Shtatlar odatda BMTda Isroilga qarshi choralarni to‘sib qo‘yardi. Biroq payshanba kuni bunday qilmadi va Kengash a’zolari qatori «Dohadagi so‘nggi hujumlarni qoralashini bildirdi».

Bayonot 11 sentabr kuni chaqirilgan favqulodda yig‘ilish arafasida e’lon qilindi. Yig‘ilish Isroilning Dohadagi Hamas rahbarlarini nishonga olgan zarbalarini muhokama qilish uchun Qatar, Jazoir, Pokiston va Somali talabi bilan chaqirilgan edi.

Foto: REUTERS

Isroilning Dohaga hujumi oqibatida Hamasning besh a’zosi o‘ldirildi, ammo guruh rahbariyati suiqasddan omon qoldi. Hujumda 22 yoshli Qatar xavfsizlik xodimi ham halok bo‘ldi. Bu zarba mintaqadagi diplomatik taranglikni keskin oshirdi.

Hamas rahbarlari hujum vaqtida AQSh prezidenti Donald Tramp taklif qilgan yangi kelishuvni muhokama qilayotgan edi.

Foto: REUTERS

«Dohada bo‘layotgan voqealar fonida Kengash a’zolari vaziyatni yumshatish muhimligini ta’kidladi va Qatar bilan birdamlik bildirdi», deyiladi Fransiya va Buyuk Britaniya tomonidan tayyorlangan bayonotda. Lekin unda Isroil nomi ochiq tilga olinmadi.

Unda, shuningdek, «Hamas tomonidan o‘ldirilganlarni ham o‘z ichiga olgan garovdagilarni ozod qilish, urush va G‘azodagi azob-uqubatlarni tugatish» ustuvor vazifa ekani ta’kidlandi. G‘azoda hali 40 dan ortiq garovda saqlanayotganlar bor, ularning faqat yarmi tirik bo‘lishi taxmin qilinmoqda.