Bugungi kunda kasblar deyarli har kuni yo‘qolib, yangilari paydo bo‘layotgan, axborot biz o‘zlashtirishga ulgurganimizdan ham tezroq ko‘payib borayotgan bir paytda, ota-onalar tobora ko‘proq o‘yga tolmoqda: qanday ta’lim farzandimizni hayotga chindan ham tayyorlaydi? Qaysi tillar kerak bo‘ladi? 10–15 yildan keyin qaysi ko‘nikmalar hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi? Shunday sharoitda Xalqaro Bakalavriat — IB (International Baccalaureate) haqida tobora ko‘proq so‘z yuritilmoqda.

Ushbu maqolada Invento the Uzbek International School asoschisi va bosh direktori Zulfiya Obidova bilan birgalikda Xalqaro Bakalavriat nima ekanligi, uni nega dunyoning yetakchi universitetlari — Oksforddan Garvardgacha, Stenforddan — Sorbonnagacha tan olishi va nega uni tobora ko‘proq kelajak ta’limi deb atashayotgani haqida suhbatlashamiz.
IB nima o‘zi?
IB dasturi yarim asrdan ziyod vaqt oldin Shveytsariyada paydo bo‘lgan va bugungi kunda 125 mamlakatda faoliyat yuritmoqda. Uning o‘ziga xosligi shundaki, u milliy dastur emas, balki global va mahalliy jihatlarni uyg‘unlashtiruvchi universal tizimdir. IB maktabida o‘quvchi o‘z madaniyatini e’zozlashni va ayni paytda boshqalar madaniyatini tushunishni, o‘zini katta dunyoning bir bo‘lagi sifatida his qilishni o‘rganadi.

«IB’ning asosiy jihati — bu bolaning fikr erkinligidir, — deb ta’kidlaydi Zulfiya Obidova. — Bu yerda o‘quvchi savol berish, shubhalanish, o‘z yo‘lini izlash huquqiga ega. Bu shaxsni rivojlantiradigan ta’limdir».
IB’ning uch bosqichi: 2 yoshdan bitiruvchi sinfgacha
IB — bu bog‘chadan o‘rta maktabgacha bo‘lgan yaxlit tizimdir:
· PYP (Primary Years Programme): 3–12 yosh. Asosiy yondashuv — tadqiqotchilik: bola paragraflarnigina ko‘chirib yozish o‘rniga savollar beradi, tajribalar o‘tkazadi, javoblar izlaydi.

















