O‘zbekiston Markaziy banki 24 sentabrdan xorijiy valutalarning o‘zbek so‘miga nisbatan yangi qiymatini belgiladi. AQSh dollari kursi kunlik savdolar yakuniga ko‘ra yana 86 so‘mga o‘z qiymatini yo‘qotdi.

Umuman olganda, dollar kursi ketma-ket ikkinchi savdo kuni so‘mga nisbatan pasayib, 179 so‘mga yoki 12 349 so‘mdan 12 171 so‘mga arzonlashdi. Bu – 2023 yilning sentabridan beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkich.

Yil boshidan buyon milliy valuta AQSh valutasiga nisbatan qariyb 5,7 foizga mustahkamlandi. Taqqoslash uchun: 2024 yilning yanvar-sentabr oylarida so‘m 2,9 foizga qadrsizlangandi.  

So‘m dollarga nisbatan nega mustahkamlanyapti?

Birinchidan, dollarning o‘zi global valuta sifatida qadrsizlana boshladi. Xususan, yillik nisbatda dollar indeksi 10,3 foizdan ko‘proqqa qadrini yo‘qotdi. Chunki Trampning prezidentlikka kelishi va u tomonidan joriy qilingan savdo tariflari global iqtisodiy barqarorlik bo‘yicha noaniqliklarni kuchaytirdi. Natijada investorlarning AQSh iqtisodiyoti bo‘yicha kutilmalari yomonlashdi. Bu esa fond hamda valuta bozorlariga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmadi.

Ikkinchidan, O‘zbekistonning iqtisodiy ko‘rsatkichlari so‘mning mustahkamlanishiga yordam beryapti. Jumladan, global noaniqliklar fonida oltin narxining keskin o‘sishi kuzatildi. Xususan, yil boshidan beri qimmatbaho metall narxi qariyb 44 foizga oshdi. O‘zbekiston esa eng yirik oltin eksportyorlaridan biri hisoblanadi. 2025 yilning dastlabki 7 oyida 18 tonna sof oltin sotuvi amalga oshirildi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning xalqaro zaxira aktivlari tarkibida oltinning o‘rni judayam katta hisoblanadi. Mazkur qimmatbaho metall narxining o‘sib borayotgani fonida O‘zbekiston zaxiralari hajmi yil boshiga nisbatan 8,9 mlrd dollarga oshdi. Bu esa o‘z-o‘zidan Markaziy bankka valuta bozoriga ta’sir qilish uchun ko‘proq imkoniyat yaratadi.