AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakatning g‘arbiy sohilidagi yirik Portlend shahriga, shuningdek, Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati (ICE) obektlariga qo‘shin yuborishga buyruq berdi.
«Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noemning iltimosiga ko‘ra, men urush vaziri Pit Hegsetga Antifa va boshqa ichki terrorchilar tomonidan qamal qilingan, urushdan aziyat chekayotgan Portlend va ICE obektlarini himoya qilish uchun barcha zarur qo‘shinlarni yuborishga topshiriq beraman», – deb yozgan Tramp Truth Social platformasida.
«Men, shuningdek, agar kerak bo‘lsa, to‘liq kuch ishlatishga ruxsat beraman», – deya qo‘shimcha qilgan Tramp. U qo‘shinlar nima bilan qurollanishiga aniqlik kiritmadi.
Portlend AQSh hududida Los-Anjyeles, Vashington va Memfisdan keyin prezident qo‘shin yuborgan to‘rtinchi shahar bo‘ladi.
«Portlendda milliy xavfsizlikka tahdid yo‘q. Odamlar xavfsizlikda va tinch», – degan Oregon shtati gubernatori Tina Kotek.
Shanba kungi matbuot anjumanida Kotek «qo‘shinlarning har qanday shakldagi joylashtirilishi hokimiyatni suiiste’mol qilish sifatida qabul qilinishi» va «qandaydir javob choralari qo‘llash-qo‘llamaslikni hal qilish» uchun o‘z harakatlarini Oregon bosh prokurori Den Reyfild bilan muvofiqlashtirayotganini aytdi.
«Agar zarurat bo‘lsa, biz reaksiya qilishga tayyor turamiz», – deya qo‘shimcha qilgan Kotek.
Portlend shahri meri, Demokratik partiya vakili hisoblangan Kit Uilson ham Trampning o‘z shahriga qo‘shin kiritish bo‘yicha qaroriga qarshi chiqqandi.
«Men federal hukumatdan aralashishni so‘ramadim, bunga zarurat yo‘q», – degan u.
Portlendda bir necha oydan buyon ICE’ning mahalliy idorasi atrofida Tramp ma’muriyatining noqonuniy muhojirlarga qarshi choralarni kuchaytirish bo‘yicha harakatlaridan norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda.
Trampning postida bu shaharga Milliy gvardiya yoki AQShning muntazam qurolli kuchlaridan qaysi birini jalb etish rejalashtirayotganiga, shuningdek, «to‘liq kuch» deganda nima nazarda tutilganiga aniqlik kiritilmagan.
Trampning shanba kungi bayonoti Texasdagi ICE immigratsiya xizmati obektida sodir bo‘lgan otishmada ikki kishi halok bo‘lgani va bir kishi og‘ir tan jarohat olganidan bir necha kun o‘tib e’lon qilindi.
AQShdagi yirik shaharlar aholisi (hatto Texas yoki Florida kabi «qizil» shtatlarda ham) demokratlar uchun ovoz beradi. Ko‘pincha demokratlar shahar ma’muriyatlarini ham nazorat qiladi.















