Jahon | 15:37 / 29.09.2025
4975
2 daqiqa o‘qiladi

Vens Kiyevga Tomahawk raketalarini berish muhokama qilinayotganini aytdi

AQSh vitse-prezidentining so‘zlariga ko‘ra, qanotli raketalarni yetkazib berish bo‘yicha yakuniy qaror prezident Donald Trampda qoladi, bunday qaror AQSh manfaatlaridan kelib chiqib qabul qilinadi.

Foto: Christopher Senenk / U.S. Navy / Getty Images

AQSh Ukrainaga Tomahawk rusumli qanotli raketalarni yetkazib berish imkoniyatini muhokama qilmoqda, bu borada yakuniy qarorni prezident Donald Tramp qabul qiladi, deya ma’lum qildi vitse-prezident Jyey Di Vens Fox News uchun intervyusida.

«Bu masalada yakuniy qarorni prezident qabul qiladi <...>. Men buni prezidentga qoldiraman, ammo shuni aytishim mumkinki, biz ayni vaqtda bu masalani muhokama qilyapmiz. Yevropaliklarning bir qancha so‘rovlari ko‘rib chiqilmoqda», – degan Vens.

U Tramp tashqi va mudofaa siyosatida qarorlar qabul qilishda Qo‘shma Shtatlar manfaatlaridan kelib chiqishin ta’kidlagan.

The Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy Nyu Yorkka oxirgi safarida Trampdan Tomahawk raketalarini so‘ragan. Axios nashri ham Kiyev so‘nggi yil davomida Vashingtondan bir necha bor Tomahawk raketalarini yetkazib berishni so‘ragani, ammo rad javobi olgani haqida yozgan.

WSJ ma’lumotiga ko‘ra, Zelenskiy amerikalik hamkasbidan katta masofaga harakatlanuvchi (Tomahawk 2,5 ming kilometr masofaga ucha oladi) raketalarni Yevropa mamlakatlariga sotishni, keyin ular Ukrainaga berilishiga hamda ukrainlar ulardan Rossiya hududi bo‘ylab zarba berishda foydalanishiga ruxsat berishni so‘ragan. Oq uy rahbari Rossiyaga zarba berish uchun uzoq masofali qurollardan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilish uchun ochiq ekanini aytdi, biroq bunday ruxsat berish majburiyatini olmadi, deya ta’kidlaydi gazeta.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin oldinroq Ukrainaga Rossiya hududlarini uzoq masofali qurollar bilan o‘qqa tutishga ruxsat berilishi u bilan «NATO mamlakatlari jang qilayotgani»ni anglatishi haqida gapirgandi.

Mavzuga oid