Jahon | 11:43 / 30.09.2025
2794
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina TIV rahbari Sibiga: Rossiya NATOga qarshi gibrid urush olib bormoqda

Rossiya transatlantik hamjamiyatga qarshi gibrid urush olib bormoqda, dedi Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga. U Rossiyaga qarshi javob choralarini ko‘rishga chaqirib, sanksiyalarning kuchayishi Putinni muzokaraga majbur qilishini aytdi.

Foto: Foto: Türkiye Dışişleri Bakanlığı

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga Yevroatlantika hamjamiyatini Rossiya allaqachon NATOga qarshi gibrid urush olib borayotganini tan olishga chaqirdi. «Rossiya biz bilan, transatlantik hamjamiyat bilan urishayotganini tan olishimiz kerak. Shuning uchun biz javob choralarini ko‘rishimiz kerak», dedi Sibiga 29 sentabr, dushanba kuni Varshava xavfsizlik forumida so‘zlagan nutqida.

Ukraina tashqi ishlar vaziri xalqaro sanksiyalarni kuchaytirish Rossiya prezidentini muzokaraga majbur qilishi mumkin, degan fikrni bildirdi. «Sanksiyalar, transatlantik sanksiyalar. Yevropa sanksiyalarining o‘zi yetarli emas. Ular Amerika sanksiyalari bilan sinxronlashtirilishi kerak. Siz ularni tariflar yoki cheklovchi choralar deb atashingiz mumkin — buning ahamiyati yo‘q. Lekin bizga shunday qat’iy qadamlar kerak», — deya Sibiga so‘zlarini keltiradi TSN nashri.

Vazir yana bir samarali vosita Rossiyaning g‘arbdagi muzlatilgan aktivlaridan foydalanish bo‘lishi mumkinligini qo‘shimcha qildi. Bu yerda Ukraina AQSh va Yevropadan qurol sotib olish uchun mablag‘ olishda «hal qiluvchi qadamlar»ga umid qilmoqda, dedi Sibiga.

Mavzuga oid