Mendesh yana Yamalga o‘yin bermadi

«Barselona» – «PSJ» 1:2
Gollar: Torres, 19 (1:0). Mayulu, 38 (1:1). Ramush, 90 (1:2)
«Barselona»: Shchensni, Kubarsi, Garsiya (Kristensen, 86), Martin (Balde, 72), Kunde, Pedri (Bernal, 79), de Yong, Olmo (Kasado, 72), Reshford (Levandovski, 72), Yamal, Torres
«PSJ»: Shevale, Zabarniy, Pacho, Nunu Mendesh, Hakimi, Vitinya, Zair-Emeri, Ruis (Ramush, 72), Barkolya (Li Kan In, 80), Mbay (Ernandez, 65), Mayulu (Ndjantu, 80)
Ogohlantirishlar: de Yong, 32. Olmo, 57. Kasado, 78. Yamal, 90 – Nunu Mendesh, 44. Hakimi, 87

«Barselona» va «PSJ» so‘nggi vaqtlarda bir-birining maydonida eng yaxshi o‘yinlarini ko‘rsatmoqda. Parijdagi so‘nggi o‘yinda kataloniyaliklar g‘alabaga erishgandi. Fransuzlar esa «Barsa»ni 2024 yil aprelida safarda mag‘lub etib qaytgandi. Bu an’ana davom etdi. «PSJ» qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, irodali g‘alabaga erishdi. Tarkibdagi yo‘qotishlardan va jamoaning YeChLdagi taqvimidan kelib chiqilsa, bu o‘ta muhim g‘alaba bo‘ldi. Masalan, bu o‘yinni «Oltin to‘p» sohibi Usmon Dembele, «PSJ» sardori Markinios o‘tkazib yuborishdi, shuningdek, asosiy tarkib futbolchilaridan Xvicha va Due ham jarohatda. «Barselona» ham tarkib borasida muammolarga uchragan: Hansi Flik Rafinya, Joan Garsiya, Mark-Andre ter Shtegen, Fermin va Gavining xizmatlaridan foydalana olmayapti, Balde esa endigina jarohatidan tuzalgan va zaxira o‘rindig‘ida qoldirildi.

Shunga qaramay, mezbonlar o‘yinni kuchli boshlashdi va 19-daqiqada mantiqiy gol urildi: Ferran Torres Lyuk Shevaleni aldab o‘tib, hisobni ochdi. «Barsa» hisobdagi ustunlikni oshirishi mumkin edi, ammo uddalay olmadi. «PSJ» esa o‘z vaziyatidan foydalandi va hisobni tenglashtirdi. 38-daqiqada Senni Mayulu Nunu Mendeshning pasidan keyin Voysex Shchensniga hech qanday imkon qoldirmadi.

Ikkinchi bo‘limda mehmonlar tashabbusni qo‘lga olishdi, o‘yin oxirida esa «Barsa» durangni ham saqlab qola olmadi. 90-daqiqada yuqori chiziqda himoyalangan mezbonlar pand yeyishdi: qarshi hujumda Gonsalu Ramush Ashraf Hakimining pasidan keyin hech qanday qarshilikka uchramasdan g‘alaba golini urib ketdi.