Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tungi vaqt va noaniq grafiklarda ishlash buyrakda tosh yig‘ilish ehtimolini 15 foizga oshirishi ma’lum bo‘ldi
Ushbu xavf yosh xodimlar va jismoniy faollik talab qilinmaydigan ish bilan band bo‘lganlarda yuqori ekanligi qayd etilgan.
Foto: Shutterstock
Zamonaviy hayotning ajralmas qismiga aylangan smenali ish ko‘pchilik uchun qulay yechimdek ko‘rinishi mumkin. Kimdir tungi smenada ishlab, oilasini boqadi, yana kimdir noodatiy grafikda faoliyat yuritish evaziga barqaror daromad topadi. Ammo ilmiy tadqiqotlar bunday ish tartibining ortida buyrak-tosh kasalligi yuzaga kelishi ehtimolining ancha yuqori ekanligini tasdiqlamoqda.
Sun Yatsen universiteti olimlari Buyuk Britaniya Biobank loyihasida ishtirok etgan 220 mingdan ortiq kishining ma’lumotlarini o‘rganib chiqdi. Tadqiqot natijalari Mayo Clinic Proceedings (MCP) jurnalida chop etildi. Unga ko‘ra, tunda va noodatiy vaqtlarda ishlash buyrakda tosh hosil bo‘lish xavfini o‘rtacha 15 foizga oshiradi. Ayniqsa, yosh xodimlar va jismoniy faollikni talab qilmaydigan ishda ishlovchilarda xavf ko‘proq bo‘lishi ta’kidlangan.
Mutaxassislar fikricha, mazkur holat sabablari bir necha omillar bilan bog‘liq. Avvalo, bunday tartibda ishlaydiganlar ko‘pincha tez tayyorlanadigan, sho‘r va yog‘li taomlarni iste’mol qiladi. Bu esa siydikdagi minerallar miqdorini oshirib, tosh hosil bo‘lishiga yordam beradi.
Ikkinchi muhim sabab — suyuqlikni kam ichish. Organizm yetarlicha suv bilan ta’minlanmaganda siydik zichlashib, unda tuzlar va minerallar tezroq kristallashadi.
Bundan tashqari, smenali ishchilarning aksar qismida jismoniy harakat yetarli emas, chekish odati ham uchrab turadi. Harakatsizlik va zararli odatlar organizmda moddalar almashinuvini buzib, buyraklarga ortiqcha yuk tushiradi.
Eng katta muammolardan biri esa uyqu rejimining o‘zgarishi. Kechasi ishlash insonning tabiiy biologik soatini izdan chiqaradi, natijada gormonlar muvozanati buzilib, moddalar almashinuvida o‘zgarishlar yuz beradi. Bu holatlar buyrak toshi hosil bo‘lishi uchun qulay sharoit yaratadi.
Oddiy qilib aytganda, yetarlicha suv ichmaslik, noto‘g‘ri ovqatlanish, harakatsizlik va buzilgan uyqu kabi omillar ketma-ket ro‘y bergan paytda organizmda minerallar kristallanishi osonlashadi va vaqt o‘tishi bilan toshga aylanadi. Shu bois smenali ishda ishlovchilar uchun suvni muntazam ichish, ovqatlanishda tuz va yog‘ni kamaytirish, tanaffus paytida qisqa yurishlar qilish va uyqu sifatiga alohida e’tibor qaratish juda muhim hisoblanadi.
Tadqiqotning qiziq jihatlaridan biri shundaki, uzoq yillar davomida smenali ishlagan odamlarda buyrakda tosh paydo bo‘lish xavfi biroz pastroq bo‘lib chiqqan. Olimlar buni ikki xil omil bilan izohlamoqda. Birinchisi — “sog‘lom ishchi effekti” deb ataluvchi hodisa. Ya’ni faqat sog‘lom odamlargina uzoq vaqt davomida bunday og‘ir rejimga chiday oladi. Ikkinchi ehtimoliy sabab — organizm vaqt o‘tishi bilan tungi ish rejimiga qisman moslashadi. Biroq olimlarning ta’kidlashicha, bu jarayonning asl mexanizmi hali to‘liq o‘rganilmagan va qo‘shimcha tadqiqotlarni talab qiladi.
Mutaxassislarning umumiy xulosasi oddiy: smenali ishning zararini butkul yo‘qotib bo‘lmaydi. Lekin uning salbiy oqibatlarini kamaytirish mumkin. Buning uchun, bir tomondan, ish beruvchilar xodimlar salomatligini qo‘llab-quvvatlash dasturlarini joriy etishi kerak. Masalan, sog‘lom ovqatlanish burchaklari, sport zaliga imtiyozli kirish imkoniyatlari yoki muntazam tibbiy ko‘riklar tashkil etilishi shular jumlasidan. Ikkinchi tomondan, har bir odam o‘z sog‘lig‘iga e’tiborli bo‘lishi lozim. Vaznni me’yorda saqlash, yetarlicha suv ichish, sifatli uyquni ta’minlash, chekishdan voz kechish va kun davomida harakatsizlikdan qochish.