Jahon | 12:41 / 02.10.2025
4782
3 daqiqa o‘qiladi

Yaroslavlda Rossiyaning yirik neftni qayta ishlash zavodlaridan biri yonib ketdi

Yaroslavl viloyati hokimiyati neftni qayta ishlash zavodida yong‘in chiqqanini tasdiqladi. Astra xabariga ko‘ra, yong‘in yiliga 15 million tonnani qayta ishlash quvvatiga ega Novo-Yaroslavskiy neftni qayta ishlash zavodida yuz bergan.

Foto: Videodan kadr

Yaroslavlda «Slavneft» neft kompaniyasi tarkibiga kiruvchi va Rossiyaning eng yirik qayta ishlangan neft mahsulotlari ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lgan «Yaroslavnefteorgsintez» (Novo-Yaroslavskiy) neftni qayta ishlash zavodi yonib ketdi. 1 oktyabr, chorshanba kuni ertalab yonayotgan neftni qayta ishlash zavodi tasvirlari boshqalar qatori Astra Telegram kanali va mahalliy "76.ru" nashri tomonidan e’lon qilingan.

"76.ru" nashrining xabar berishicha, Yaroslavldagi Moskovskiy prospekti hududida ulkan tutun ko‘tarildi. «Yong‘in haqida xabar soat 06:28 da kelib tushdi, voqea joyiga jo‘natish jadvaliga ko‘ra kuch va texnikalar jo‘natildi», — deb xabar beradi Favqulodda vaziyatlar vazirligi. Biroz vaqt o‘tgach, Yaroslavl viloyati Favqulodda vaziyatlar vazirligi yong‘inni o‘chirishda 106 nafar shaxsiy tarkib va ​​36 dona texnika ishlayotgani haqida xabar berdi. Vazirlik xabariga ko‘ra, qurbonlar yo‘q.

Yaroslavl viloyati gubernatori Mixail Yevrayev neftni qayta ishlash zavodida yong‘in chiqqanini tasdiqladi. «Aholi bu dushmanning dron hujumi oqibati bo‘lishi mumkinligidan xavotirda edi. Ammo hodisaning bunga aloqasi yo‘q. Bugun hech qanday dron hujumlari qayd etilmagan. Yong‘in texnogen xarakterga ega», — deya ta’kidladi u Telegramʼda.

Rossiya Mudofaa vazirligi Yaroslavl viloyatida Ukraina qurolli kuchlari tomonidan ehtimoliy hujum haqida xabar bermadi. Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushni davom ettirayotgan Rossiya vazirligi Belgorod va Rostov viloyatlari (har biri 8 ta), Saratov (3) va Voronej (1) ustidan bir kechada 20 ta Ukraina uchuvchisiz uchog‘i yo‘q qilinganini bildirdi.

"Yaroslavnefteorgsintez" zavodi veb-saytida uning o‘rtacha neftni qayta ishlash quvvati yiliga taxminan 15 million tonnani tashkil etishi qayd etilgan. Kompaniya Yevro-5 standartidagi motor benzini va dizel yonilg‘isi, aviatsiya kerosini va reaktiv dvigatellar uchun yonilg‘i, keng assortimentdagi moylar, bitum, parafin-mum mahsulotlari, aromatik uglevodorodlar, suyultirilgan gazlar va isitish moylarini ishlab chiqaradi.

Mavzuga oid