Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kardiologlar AQShga ko‘chib o‘tganlarda yurak bilan bog‘liq xavf ortishi haqida ogohlantirdi
Qo‘shma Shtatlarga boshqa mamlakatlardan ko‘chib kelgan odamlarda yurak-qon tomir kasalliklariga qarshi immunitet mahalliy amerikaliklardagiga qaraganda kuchliroq bo‘ladi. Biroq, kardiologlar aniqlashicha, bu afzallik mamlakatda yashash muddati oshgani sayin yo‘qolib boradi. Shifokorlar o‘z xulosalarini Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib o‘tayotgan kardiologiya anjumanida taqdim etishmoqda.
Foto: Chalo Gallardo, unsplash.com
Olimlar 2011 va 2016 yillar oralig‘ida to‘plangan National Health and Nutrition Examination Survey (NHANES) Amerika milliy dasturining 16 000 ga yaqin ishtirokchilaridan olingan ma’lumotlarni tahlil qildi. Dastur aholining salomatligi va ovqatlanish holatini baholash uchun intervyular, fizik tekshiruvlar va laboratoriya testlarini o‘z ichiga oladi.
Tadqiqotchilar yurak-qon tomir tizimi uchun xavf bilan bog‘liq parametrlarga e’tibor qaratdi. Xususan, tahlil tana massasi indeksi, diabet, yuqori qon bosimi, lipid almashinuvining buzilishi va chekish odati haqida ma’lumotni o‘z ichiga oladi. Ishtirokchilar guruhlarga bo‘lingan: Qo‘shma Shtatlarda tug‘ilganlar va mamlakatda 15 yildan kam yoki ko‘proq yashagan immigrantlar.
AQShda tug‘ilgan ishtirokchilarning 86,4 foizida va immigrantlarning 80,1 foizida kamida bitta xavf omili aniqlangan. Shu bilan birga, mamlakatda 15 yildan kamroq vaqt davomida yashagan chet elda tug‘ilgan ishtirokchilarda gipertoniya (38,3 foizga nisbatan 48,5 foiz) va yuqori xolesterin (27,8 foizga nisbatan 30 foiz) mahalliy ishtirokchilarga qaraganda kamroq bo‘lgan. Ular orasida chekuvchilarning ulushi ham pastroq: 12,5 foizga nisbatan 19,9 foiz.
Qo‘shma Shtatlarda 15 yildan ko‘proq vaqt o‘tkazgan muhojirlar tug‘ilgandan beri mamlakatda yashaganlarga qaraganda ko‘proq diabet kasalligiga chalingan (15,4 foizga nisbatan 11,2 foiz) va ikki guruhda lipid almashinuvi buzilishining tarqalishi deyarli bir xil (29,4 foizga nisbatan 30 foiz).
Tadqiqotchilar alohida ta’kidlashicha, osiyolik muhojirlarda diabet bilan kasallanish darajasi 14,5 foizga yetgan, bu AQShda tug‘ilgan bir millatga mansub odamlarga nisbatan ikki baravar ko‘p (6 foiz).
Tadqiqotchilar Qo‘shma Shtatlarda yashash muddati bilan yurak uchun xavf ortishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan omillarni sanab o‘tdi. Bularga amerikaliklarning nosog‘lom ovqatlanish odati va harakatsiz turmush tarzini bosqichma-bosqich qabul qilish, an’anaviy turmush tarzi va profilaktika rolini o‘ynashi mumkin bo‘lgan amaliyotlardan tobora chekinish kiradi. Immigrantlar, shuningdek, moliyaviy muammolar va ish joyining beqarorligi tufayli tez-tez stressni boshdan kechiradi va sog‘liqni saqlash xizmatidan foydalanishdagi qiyinchiliklar kasalliklarni o‘z vaqtida aniqlash va davolashga to‘sqinlik qiladi.
Mavzuga oid
09:40
NYT OAV uchun joriy etilgan cheklovlar sabab Pentagonni sudga berdi
09:00
NATO Shimoliy Yevropa mudofaasi bo‘yicha shtabni AQShga ko‘chiradi
08:40
Mers AQShga Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini berishga qarshi chiqdi
07:38