O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 oktyabr kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi.
Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon raisligida o‘tgan sammit ishida Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev, belaruslik Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, RF prezidenti Vladimir Putin, Turkmaniston prezidenti Sardor Berdimuhamedov, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan hamda MDH bosh kotibi Sergey Lebedev ishtirok etdi.

Kun tartibiga muvofiq, Hamdo‘stlik doirasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Davlat rahbari nutqining avvalida global siyosat va iqtisodiyotdagi oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan jarayonlar hamda xalqaro institutlarning roli zaiflashib borayotganiga qaramasdan, MDH o‘zining barqarorligi, samaradorligi va zarurligini namoyish etishda davom etayotganini ta’kidladi.
O‘n yillar davomida yo‘lga qo‘yilgan mexanizmlar va aloqalar tufayli iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar masalalarning barcha yo‘nalishlarida yaqindan hamkorlik qilinmoqda.
– Biz MDH doirasida hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, tabiiy sheriklarimiz bo‘lgan mamlakatlar bilan amaliy hamkorlikning samaradorligini oshirishdan manfaatdormiz, – dedi O‘zbekiston prezidenti.
So‘ng mamlakatimiz yetakchisi Hamdo‘stlik doirasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.
Jahon iqtisodiyotidagi vaziyatning keskinlashishi, proteksionizmning kuchayishi va barqaror rivojlanish yo‘lida yangi xavf-xatarlar yuzaga kelayotganini hisobga olgan holda iqtisodiy sheriklikni kengaytirish tashkilotning so‘zsiz ustuvor yo‘nalishi ekani ko‘rsatib o‘tildi.
O‘zbekistonning MDHdagi sheriklari bilan tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yili 11 foizga oshgani va bu ko‘rsatkich joriy yilda ham o‘sishda davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bunday ko‘rsatkichlar tarmoqlararo kooperatsiya chuqurlashayotgani va o‘zaro investitsiyalar oqimi ko‘payib borayotgani tufaylidir.
Mavjud imkoniyatlarni yanada to‘liq ishga solish, hamkorlikning bugungi sur’atini saqlab qolish maqsadida O‘zbekiston prezidenti birgalikdagi sa’y-harakatlarni quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga qaratishni taklif etdi.
















