Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 oktyabr kuni Tojikiston poytaxti Dushanba shahrida bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo - Rossiya» formatidagi ikkinchi sammitda ishtirok etdi.

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon raisligida o‘tgan tadbirda Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov qatnashdi.

Davlat rahbari so‘zining avvalida Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Markaziy Osiyo bilan keng ko‘lamli strategik sheriklikni rivojlantirish tarafdori bo‘lib kelayotgani uchun minnatdorlik bildirib, uning tabiiy sheriklar bo‘lgan mamlakatlarimiz hamkorligiga yangi sur’at berishga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi.

- Rossiya biz uchun muhim, ustuvor strategik sherik va ittifoqchi bo‘lib kelgan, hozir ham shunday va kelgusida ham shunday bo‘lib qolishini ta’kidlayman. Umumiy tarix, ko‘p asrlik aloqalar, xalqlarimizning madaniy va dunyoqarash jihatdan yaqinligi, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona va ishonchli munosabatlar bunday hamkorlikning mustahkam va o‘zgarmas asosi hisoblanadi, - dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Jahon iqtisodiyotidagi tobora kuchayib borayotgan geosiyosiy keskinlik va inqirozli holatlar, shuningdek, yuzaga kelayotgan yangi xavf-xatar va tahdidlar «Markaziy Osiyo - Rossiya» formatida yanada yaqin muvofiqlashuv va hamkorlikni taqozo etayotgani qayd etildi.

Shu ma’noda, O‘zbekiston yetakchisi mintaqa mamlakatlarining Rossiya bilan hamkorligi istiqbollari yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bayon qildi.

Eng avvalo, tizimli siyosiy muloqotni mustahkamlash va aniq natijaga qaratilgan amaliy hamkorlikni kengaytirish muhim ekani ta’kidlandi.

Shu bois, O‘zbekiston prezidenti har yili oliy darajadagi uchrashuvlarni, hukumatlar, vazirliklar, idoralar va hududlarning muntazam muloqotlarini o‘tkazish muhimligini ta’kidladi.

2027 yilga qadar qo‘shma harakatlar rejasi qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlab, amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan yanada batafsil «yo‘l xaritasi»ni tayyorlashni taklif etdi.

Davlat rahbari mamlakatlarimiz tranzit-transport salohiyatidan, eng avvalo, «Shimol - Janub» yo‘lagi doirasida samarali foydalanish g‘oyat muhim ekanini ta’kidladi.