O‘zbekiston | 08:40 / 13.10.2025
2707
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona shahrida Farg‘ona tinchlik forumining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi

Joriy yilning 15-16 oktyabr kunlari "Farg‘ona vodiysi: tinchlik va taraqqiyot yo‘lida birdamlik" mavzusida Farg‘ona tinchlik forumining birinchi yig‘ilishi o‘tkaziladi.

Foto: "Dunyo" AA

Farg‘ona bir necha kun mobaynida xalqaro muloqot va hamkorlik markaziga aylanadi.

Ikki kun davom etadigan anjumanda Markaziy Osiyo, MDH, Osiyo, Yevropa va Amerika mamlakatlaridan 300 dan ortiq ishtirokchi qatnashadi.

Bo‘lajak yig‘ilishning asosiy o‘ziga xos jihati uning inklyuziv xarakterida namoyon bo‘ladi. Unda fuqarolik jamiyati institutlari, yoshlar va ayollar tashkilotlari, shuningdek ekspert hamda akademik doiralar vakillari faol ishtirok etadilar.

Forumning asosiy maqsadi muloqot, o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash va Farg‘ona vodiysini rivojlantirishning umumiy strategiyasini ishlab chiqish uchun doimiy faoliyat yurituvchi platformani yaratishdan iborat.

Tadbir kun tartibidan Farg‘ona vodiysining barqarorligi va izchil rivojlanishini ta’minlash, uning iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish, xususiy sektor, yoshlar va fuqarolik jamiyatining rolini kengaytirish masalalari o‘rin olgan.

Farg‘ona tinchlik forumi shafeligida qirg‘izistonlik hamkorlar va Tinchlikni barpo etish habi ko‘magida ilk bor "Intimak kuni" (Birdamlik kuni) tashkil etiladi.

Forumdan kutilayotgan natijalar qatorida Farg‘ona vodiysini do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va barqaror rivojlanishning yagona makoni sifatida shakllantirishga da’vat etuvchi Kommyunike qabul qilinishi ham nazarda tutilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid