Yangi Fransiya hukumati tarkibi Sebasten Lekornyu boş vazir etib qayta tayinlanganidan ikki kun ötib e’lon qilindi. Bu haqda 12 oktyabr, yakşanba kuni Yelisey saroyi saytida ma’lum qilindi. Taşqi işlar vaziri Jan-Noel Barro, iqtisodiyot va moliya vaziri Rolan Leskyur, madaniyat vaziri Raşida Dati va adliya vaziri Jyerar Darmanin öz lavozimlarida qoladi.

Yangi vazirlar mahkamasidagi 30 dan ortiq vazirlar, boş vazir örinbosarlari va vazir örinbosarlari orasida «bir qança noma’lum şaxslar bor», deb ta’kidlaydi Fransiyaning AFP axborot agentligi. Yelisey saroyi bayonotiga köra, prezident Emmanuel Makron 14 oktyabr kuni soat 10:00 da yangi hukumatning barça a’zolarini yiğilişga çaqiradi.

6 oktyabr kuni iste’foga çiqqan Sebasten Lekornyu atigi tört kundan söng Makron tomonidan yana boş vazir etib tayinlandi. 10 oktyabr kuni keçqurun Yelisey saroyi veb-saytida e’lon qilingan bayonotga köra, Lekornyuga yangi hukumatni şakllantiriş vazifasi yuklangan.

Lekornu 2026 yilgi davlat budjeti böyiça kelişa olmagani uçun iste’foga çiqdi. «Biz fransuzlarni ğazablantirayotgan bu siyosiy inqirozga, Fransiyaning obrösi va manfaatlariga putur yetkazayotgan beqarorlikka çek qöyişimiz kerak», deb yozgan siyosatçi özining qayta tayinlanganidan söng X ijtimoiy tarmoğida. U «Fransiya yil oxirigaça budjet olişini ta’minlaş uçun hamma narsani qilişga» va’da berdi.