Jahon | 09:32 / 13.10.2025
4676
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp: Agar urush hal etilmasa, Kiyevga Tomahawk'ni berishim mumkin

Donald Tramp agar Rossiya Ukrainadagi urushni tinch yo‘l bilan hal qilishdan bosh torsa, Kiyev Tomahawk qanotli raketalarini olishi mumkinligini aytdi. AQSh prezidenti bu chora «agressiyadagi yangi qadam» bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

Foto: Getty Images

Agar Rossiya Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushni tinch yo‘l bilan hal qilishdan bosh torsa, Kiyev Amerikaning Tomahawk qanotli raketalarini olishi mumkin, dedi AQSh prezidenti Donald Tramp 13 oktyabr, dushanbaga o‘tar kechasi Air Force One bortida. Uning aniqlik kiritishicha, 11 va 12 oktyabr kunlari Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan bu masalani muhokama qilgan va bu chora «tajovuzkorlikning yangi qadami» bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirgan.

«Balki rossiyaliklar bilan Tomahawk haqida gaplashishim kerakdir. Ular Tomahawk o‘zi tomon uchishini xohlaydimi? Men bunday deb o‘ylamayman», — dedi Tramp.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putinni bu ehtimol haqida ogohlantirishni rejalashtirmoqda. «Men aytishim mumkin: «Mana, agar bu urush hal etilmasa, men ularga Tomahawk yuboraman», — dedi Tramp. Uning tushuntirishicha, agar qaror qabul qilinsa, AQSh raketalarni to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukrainaga emas, balki ularni Kiyevga topshirishi mumkin bo‘lgan NATO mamlakatlariga sotadi.

«Tomahawk — aqlbovar qilmaydigan qurol, juda hujumkor qurol. Ochig‘ini aytsam, bu Rossiyaga kerak emas. Men ularga aytishim mumkinki, agar bu urush hal etilmasa, biz buni hal qilamiz. Biz buni qilmasligimiz yoki qilishimiz mumkin», deya qo‘shimcha qildi respublikachi.

Mavzuga oid