Ayollar dunyosi | 17:34 / 22.07.2025
2807
3 daqiqa o‘qiladi

Bolaning yoshiga qarab ehtiyojlar ham o‘zgaradi: onalar nimaga e’tibor berishi kerak?

Bola tug‘ilishi bilan birga ota-ona mas’uliyati ham boshlanadi. Ammo tarbiyada eng katta rolni, shubhasiz, ona bajaradi. Bolaning istaklarini to‘g‘ri anglash, yoshiga qarab uni tushunish va ehtiyojlarini to‘g‘ri qondirish uning sog‘lom, baxtli shaxs bo‘lib shakllanishiga zamin yaratadi.

Foto: AP

Psixologlar ta’kidlashicha, har bir yosh davrida bola muayyan ehtiyojlarga ega bo‘ladi. Agar bu ehtiyojlar inobatga olinmasa, u holda bolada ishonchsizlik, nomukammallik hissi, mustaqillikdan qo‘rqish va turli ruhiy muammolar yuzaga kelishi mumkin.

0–1 yosh: Ishonch va xavfsizlik asosi

Bu davrda bola hali gapirolmaydi, lekin his qiladi. U uchun ovqatlanishdan ham ko‘ra muhimrog‘i – xavfsiz muhit, ona mehri va doimiylik hissidir. Quchoqlash, ona ovozini eshitish, o‘sha odamlar bilan ko‘proq vaqt o‘tkazish orqali u dunyoga ishonch hissi bilan qaray boshlaydi.

1–3 yosh: “O‘zim qilaman” ehtiyoji

Bu yoshda bola mustaqil harakat qilmoqchi bo‘ladi: o‘zi yeyish, o‘zi kiyinish, o‘zi tanlash. Agar unga har bir qadamda “bo‘lmaydi”, “qilolmaysan” deyilsa, u o‘zini kuchsiz his qiladi. Onalar bu bosqichda bolaga xavfsiz chegaralar ichida erkinlik berishlari muhim.

3–6 yosh: Ijodiy fikrlash va o‘yinlar

Bola “nega?” savollarini ko‘p beradigan, rolli o‘yinlar o‘ynaydigan va hissiy dunyosi boyigan bosqich. Uning fantaziyasiga erkinlik berish, gaplariga ahamiyat berish orqali bolada ijodkorlik va ishonch shakllanadi.

6–10 yosh: Qobiliyat va ijtimoiy o‘rni

Bola o‘qish, guruhda ishlash, do‘stlashish, o‘zini jamoa ichida sinab ko‘rishga ehtiyoj sezadi. Mukofot va maqtov uni ruhlantiradi. Lekin barcha narsani “to‘g‘ri qil” deb majburlash emas, balki xatolardan o‘rganish imkonini berish muhim.

10–13 yosh: Shaxsiy fikr va shaxs sifatida qabul qilish

O‘smirlikka kirib borayotgan bola o‘z fikrini aytmoqchi bo‘ladi, tanqidlarga og‘riq bilan javob qaytaradi. Bu davrda uni eshitish, fikriga hurmat bilan yondashish, uni katta deb qabul qilish orqali ruhiy barqarorlik ta’minlanadi. Bu bilan bolaning “o‘tish davri”ni boshdan kechirish osonroq bo‘ladi.

14–18 yosh: Mustahkam shaxsga aylanish

O‘smir nafaqat shaxs sifatida shakllanadi, balki o‘z maqsadi, dunyoqarashi, kiyinish uslubi va qadriyatlarini ham yaratishga intiladi. Unga ishonch bildirish, maslahat berish, bir vaqtning o‘zida nazoratsiz emas, erkin muhitda rivojlanishi uchun sharoit yaratish ota-ona zimmasida.

Bola tarbiyasida yagona qoida yo‘q. Ammo yoshiga qarab uning ehtiyojlarini tushunish, shu ehtiyojlarga mos tarzda munosabatda bo‘lish har bir onaning muhim vazifasidir. E’tibor, mehr va ishonch – har bir yoshda bola uchun eng muhim jihatdir.

Гулмира Тошниёзова
Muallif Гулмира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid