Jahon | 18:41 / 17.10.2025
2018
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp NYT nashriga qarshi tuhmat bo‘yicha 15 mlrd dollarlik qayta da’vo qo‘zg‘atdi

Prezidentning advokatlari The New York Times nashrining bir qancha maqolalarida keltirilgan da’volarni «g‘arazli, tuhmat va kamsituvchi» deb ta’riflagan. Uning bu haqdagi birinchi da’vosi sud tomonidan rad qilingan edi.

Foto: Shutterstock

AQSh prezidenti Donald Tramp The New York Times (NYT) gazetasiga qarshi tuhmat bo‘yicha 15 mlrd dollarlik qayta da’vo qo‘zg‘atdi. Federal sudya sentabr oyida berilgan dastlabki da’voni rad etib, uni «o‘ta siyosiy, noo‘rin va nomaqbul» deb atagan edi.

Trampning Florida shtati Tampa federal okrug sudiga bergan o‘zgartirilgan shikoyatida asosiy javobgarlar sifatida The New York Times, uning uch muxbiri va «Baxtiyor omadsiz: Donald Tramp otasining boyligini qanday sovurgani va muvaffaqiyat illyuziyasini yaratgani haqida» kitobini nashr etgan Penguin Random House nashriyoti tilga olingan.

Prezidentning advokatlari 2024 yilgi kitob va NYT nashrining bir qancha maqolalarida keltirilgan da’volarni «g‘arazli, tuhmat va kamsituvchi» deb ta’rifladi. Gap Trampning biznesdagi muvaffaqiyatlari va uning boyligi manbalari haqidagi bayonotlar haqida ketmoqda.

NYT nashriga qarshi 15 mlrd dollarlik birinchi da’voni Tramp sentabr oyida qo‘zg‘atgan. Shunda Tramp gazetani «mamlakatimiz tarixidagi eng yomon va tanazzulga uchragan gazetalardan biri» deb atagandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, NYT demokratlar jarchisi bo‘lib, uni sobiq vitse-prezident, Trampning o‘tgan prezidentlik saylovidagi raqibi Kamala Harris ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlamoqda.

Tramp o‘z da’vosida, shuningdek, pedofillikda ayblangan moliyachi Jyeffri Epshteyn bilan aloqalari haqidagi maqolalar o‘ziga «hayratlanarli» moliyaviy zarar va obro‘siga putur yetkazganini ta’kidlagan.

Keyinroq, Florida federal sudi prezidentning da’vosini rad etdi. Sud da’vo arizasida ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lgan shikoyatning mohiyati qisqacha bayon etilmaganini ta’kidladi. Shu bilan birga, sud Trampga yangi versiyada da’vo qo‘zg‘atish uchun 28 kun muhlat berdi.

NYT tahririyati sentabr oyida e’tirozlarni asossiz deb atadi va ular mustaqil jurnalistikaga to‘sqinlik qilishga urinish ekanini ta’kidladi.

Avvalroq Tramp Epshteynga yuborgan tabriknoma haqidagi maqola tufayli Amerikaning boshqa ommaviy axborot vositalari, jumladan, The Wall Street Journal gazetasiga qarshi da’vo qo‘zg‘atgandi. 2024 yil dekabr oyida ABC News telekanali Tramp bilan tuhmat haqidagi nizoni sudgacha hal qildi va 15 million dollar tovon to‘lashga rozi bo‘ldi. 2025 yil iyul oyida CBS News telekanaliga egalik qiluvchi Paramount Global media xoldingi Harris bilan intervyu tufayli sud da’vosini hal qilish doirasida 16 million dollar tovon to‘ladi.

Mavzuga oid